Jazirama va qurg‘oqchilik Qozog‘istonda bug‘doy hosilini 2025 yilgi darajadan pasaytirishi mumkin
Avgust 19, 2026. 11:31 • 3 daq
• 46
OSTONA, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi va bu galgi jazirama, qurg‘oqchil yoz sharoitida bug‘doy hosili 2025-yildagi rekord ko‘rsatkichdan past bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform” xalqaro axborot agentligiga tayanib.
Qayd etilishicha, iyun oyida Qozog‘istonning aksariyat hududlarida havo harorati iqlim meʼyoridan 1–5 darajaga oshgan, janubda esa +43°C ga yetgan. Avgust oyida G‘arbiy Qozog‘iston, Aqto‘be, Atirau, Jetisu, Jambil, Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarining ayrim tumanlarida yoz fasli ancha qurg‘oqchik keldi. Barcha hududda ham vaziyat bir xil emas, shimoliy hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgan bo‘lsa, janub va g‘arbda kuchli jazirama saqlanib qolmoqda.
Hozircha Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi don va moyli ekinlarning 99 foizdan ortig‘ining holatini yaxshi yoki qoniqarli deb baholamoqda. G‘allaning 15,3 foizi o‘rib olingan, o‘rtacha hosildorlik esa gektariga 15,8 sentnerni tashkil etmoqda. Biroq Pavlodar viloyatida ekinlarning qariyb 10 foizi allaqachon yomon ahvolda. Mutaxassislar Pavlodar, Qarag‘andi va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy yo‘qotishlar kuzatilayotganini taʼkidlamoqda.
Agentlik muxbiri suhbatlashgan ekspertlardan biri 2025-yildagi 20,3 million tonna o‘rniga bu yil bug‘doy hosili taxminan 13 million tonnani tashkil etishi mumkin. G‘alla ittifoqi esa mamlakat ichidagi isteʼmol, qayta ishlash va eksport uchun don yetarli bo‘lishini maʼlum qilgan.
Qozog‘iston g‘alla hosili O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Milliy statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat Qozog‘istondan 4,1 million tonna bug‘doy import qilgan. 2025-yil sentabridan 2026-yil iyunigacha Qozog‘istondan yetkazib berilgan yumshoq va qattiq bug‘doy hajmi 4,6 million tonnaga yetgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston bug‘doy unining asosiy yetkazib beruvchisiga aylandi. 2025-yilda O‘zbekiston import qilgan 422,6 ming tonna unning 399,8 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bu kabi bog‘liqlik boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida ham kuzatilmoqda. 2025-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston Qozog‘istondan 42,3 ming tonna makkajo‘xori, yilning dastlabki sakkiz oyida esa 163,3 ming tonna kungaboqar yog‘i import qilgan.
Qozog‘istonda avgust oyining uchinchi o‘n kunligida boshlanadigan asosiy yig‘im-terim bosqichidan yillik g‘alla hosildorligi aniq bo‘ladi. Hosildorlik pasaygan taqdirda ham, mutaxassislar bug‘doy tanqisligini kutmayapti. Biroq issiq va quruq ob-havo don sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi hamda ichki isteʼmolchilar va eksport bozorlari, jumladan, O‘zbekiston uchun taklif hajmini o‘zgartirishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi