O‘zbekiston kinosanʼati Sankt-Peterburg xalqaro kinofestivalida munosib eʼtirofga sazovor bo‘ldi

Avgust 27, 2026. 09:00 • 2 daq

56
O‘zbekiston kinosanʼati Sankt-Peterburg xalqaro kinofestivalida munosib eʼtirofga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston kinosanʼati Sankt-Peterburg xalqaro kinofestivalida munosib eʼtirofga sazovor bo‘ldi

SANKT-PETERBURG, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida VII “Lendoc” xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xorij mamlakatlari vakillari ishtirok etgan tadbir “Lendok” va “Kinokultura” kinostudiyalari tomonidan Rossiya Madaniyat vazirligi hamda Sankt-Peterburg Madaniyat qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.

Bu yilgi tanlov va dasturlarda 13 ta mamlakatdan 39 ta badiiy, hujjatli, tarixiy, debyut va talabalik filmlari namoyish etildi. Festivalda Rossiyadan tashqari Hindiston, Eron, Xitoy, Indoneziya, Mavritaniya, Latviya hamda MDH davlatlari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Festival dasturida O‘zbekiston kinematograflari ishtiroki alohida o‘rin egalladi. Namoyishlarda o‘zbekistonlik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Kazbek” tarixiy dramasi (rejissyor Akbar Bekturdiyev, O‘zbekiston va Belarus hamkorligi), “Mahtumquli” filmi (O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi), “Bahorni quvib” dramasi (rejissyor Ayub Shahobiddinov), “Tortishish kuchi” (rejissyor Shamshod Ismatov) hamda urush yillarida 18 yoshli pochtachi qizining jasorati haqida hikoya qiluvchi “O‘sha bahor haqida” qisqa metrajli filmlari o‘rin oldi.

Talabalik va o‘quv ishlari bo‘limida O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalarining ijodiy ishlari muvaffaqiyatli taqdim etildi. Filmlar Sankt-Peterburgning markaziy kinoteatrlarida namoyish etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Tanlov ishlarining adolatli baholanishini Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus kino arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hayʼati taʼminladi.

Festival yakunlariga ko‘ra, mahoratli aktyor Ulug‘bek Qodirov “Kazbek” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi va maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish