Taro Aso: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari tobora strategik ahamiyat kasb etib bormoqda

Avgust 27, 2026. 08:10 • 4 daq

18
Taro Aso: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari tobora strategik ahamiyat kasb etib bormoqda

TOKIO, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Yaponiya sobiq Bosh vaziri, parlamentning O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi raisi, Vakillar palatasi deputati Taro Aso mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda butun O‘zbekiston xalqini samimiy muborakbod etaman.

Yaponiya O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan ilk davlatlardan biri hisoblanadi. O‘shandan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar siyosat, iqtisodiyot, madaniyat kabi sohalarda izchil rivojlanib kelmoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarning negizini tashkil etuvchi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari uzoq tarixga ega. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadimda Buyuk ipak yo‘li orqali Markaziy Osiyodan Yaponiyaga ko‘plab madaniy va texnik kashfiyotlar kirib borgan va ular mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga sezilarli taʼsir ko‘rsatgan.

Aynan shunday tarixiy aloqalar tufayli bugungi kunda ham xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari mustahkamlanib, sheriklik asosida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Men parlament deputati sifatida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga doimo intilib kelganman. 1997-yilda vazir sifatida O‘zbekistonga ilk tashrifimdan so‘ng yana bir necha bor bu zaminni ziyorat qilish sharafiga muyassar bo‘ldim.

Yurtingizga har kelganimda xalqingizning mehmondo‘stligi va samimiyligi menda katta taassurot qoldirgan. Ayniqsa, O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining faxriy doktori unvoni bilan taqdirlanganim men uchun yorqin xotira bo‘lib qoladi.

O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi munosabatlarimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan biz juda minnatdormiz.

Tashrif chog‘ida “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti doirasidagi davlat rahbarlarining birinchi sammiti yuksak saviyada tashkil etildi. Shu bilan birga, oliy darajadagi uchrashuvlar va biznes forumlarda muhim kelishuvlarga erishildi.

Joriy yilning may oyida Toshkent shahrida “O‘zbekiston–Yaponiya” parlamentlararo forumining beshinchi yig‘ilishida ikki mamlakat siyosiy partiyalari tomonidan hamkorlik Memorandumi imzolandi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun zamin yaratdi.

Biz “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida belgilangan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilaganmiz. Xususan, uchta ustuvor yo‘nalish – “Ekologiya va barqaror taraqqiyot”, “Inson kapitalini rivojlantirish” hamda “Transport bog‘liqligi”ga alohida eʼtibor qaratayapmiz.

So‘nggi yillarda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora faollashmoqda. Ayni paytda Yaponiyada 7 ming nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qiladi. Ular turli sohalarda o‘z maqsadlarini amalga oshirishga harakat qilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tufayli O‘zbekistonga yaponiyalik sayyohlar oqimi ham tobora ortib bormoqda.

O‘zbekiston bozorida faoliyat boshlayotgan Yaponiya kompaniyalari soni oshib borayotganini taʼkidlash lozim. Qayta tiklanuvchi energiya, infratuzilma, raqamli texnologiyalar, taʼlim, sog‘liqni saqlash, qayta ishlash sanoati va foydali qazilmalarni qazib olish kabi sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda. Aholi soni jadal o‘sib, iqtisodiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalar kelgusida ham yanada yuksalishiga ishonchimiz komil.

O‘zbekiston Prezidenti saʼy-harakatlari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi mintaqaning xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda. Biz bunday ezgu saʼy-harakatlarni alohida qadrlaymiz. Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi keng ko‘lamli islohotlarning izchil amalga oshirilayotganini eʼtirof etaman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar strategik ahamiyat kasb etib bormoqda. Kelgusi yili Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 35 yil bo‘ladi. Biz uzoq yillik do‘stlikka ega Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlarining yanada ravnaq topishi yo‘lida bundan keyin ham astoydil harakat qilamiz.

Yana bir bor O‘zbekiston xalqini qutlug‘ shodiyona bilan muborakbod etgan holda, sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish