“Avesta” AA: O‘zbekiston tashabbuslari SHHTning transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Avgust 26, 2026. 20:00 • 2 daq

20
“Avesta” AA: O‘zbekiston tashabbuslari SHHTning transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirmoqda

DUSHANBE, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Tojikistonning “Avesta” ommabop axborot agentligida SHHT tomonidan transport-logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda geosiyosiy vaziyat sharoitida muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashish zanjirlarining barqarorligini taʼminlash va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etilgan.

Nashrda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan transport sohasidagi hamkorligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, mamlakatning mazkur davlatlar bilan xalqaro yuk tashish hajmi so‘nggi besh yilda qariyb 9 million tonnaga yoki 40 foizga oshgani, 2025-yilda esa 33,5 million tonnani tashkil etgani keltirilgan.

Shuningdek, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li loyihalari mintaqaviy transport aloqalarini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshiruvchi muhim tashabbuslar sifatida baholangan.

Maqolada O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha kengash tuzish tashabbusi ham tilga olingan. Ushbu mexanizm transport sohasidagi to‘siqlarni kamaytirish, chegaraoldi tartib-taomillarini soddalashtirish va tashish jarayonlarini muvofiqlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

“Avesta” xulosasiga ko‘ra, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish SHHT mamlakatlarining tranzit salohiyatini oshirish va xalqaro transport zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish