Isroillik tahlilchi: C5+Koreya sammitida O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro OAV diqqat markazida bo‘ldi
Sentabr 26, 2026. 17:30 • 4 daq
• 151TEL-AVIV, 26-sentabr. /"Dunyo" AA/. Isroildagi Axborot xurujlarini tadqiq qilish instituti sayti bosh muharriri Yuriy Bocharov C5+Koreya sammitida O‘zbekistonning ishtiroki bo‘yicha xorijiy OAVning munosabatiga bag‘ishlab maqola tayyorladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ko‘magida tayyorlangan sharhda 16-sentabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» birinchi sammitining OAVda yoritilishi, xorijiy matbuotning O‘zbekiston tashabbuslari va uning yangi hamkorlik formatidagi roliga e’tibor qaratilgan.
Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari uchrashuvning asosiy natijalaridan biri sifatida avvalgi maslahatlashuv formati davlat rahbarlari darajasidagi doimiy hamkorlik mexanizmiga aylantirilganini ta’kidladi.
Seul deklaratsiyasiga ko‘ra, sammitlar har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi, uchrashuvlar oralig‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosini esa vazirlar va yuqori mansabdor shaxslar nazorat qiladi.
«The Korea Times» nashri Seul deklaratsiyasini Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo bilan kelgusi 30-yillik munosabatlari dasturi sifatida taqdim etdi. Keyingi sammitni 2028-yilda Qozog‘istonda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Janubiy Koreya matbuoti iqtisodiy hamkorlikning yangi modeliga o‘tilganini ta’kidladi. Gap nafaqat Koreya avtomobillari, uskunalari va tayyor mahsulotlari evaziga Markaziy Osiyo xomashyosini yetkazib berish, balki geologiya-qidiruv ishlari va muhim minerallarni qazib olishdan tortib, ularni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish haqida bormoqda.
Materialda O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz Janubiy Koreya bilan alohida strategik sherik maqomiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat ekanini ta’kidladi.
«Asia Business Daily» nashrining xabar berishicha, Koreya Respublikasi hukumati O‘zbekistonni Janubiy Koreya kompaniyalarining Markaziy Osiyo bozoriga, xususan, muhim minerallar, sun’iy intellekt va biotexnologiyalar sohalariga kirishi uchun ehtimoliy tayanch maydon sifatida ko‘rmoqda.
Materialda O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona, Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali va KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
«Euronews» muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini yaratish taklifiga e’tibor qaratdi. Uning doirasida geologiya-qidiruv, qazib olish, chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni birlashtirish ko‘zda tutilgan.
Maqolada O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga borib 20 milliard dollarga yetkazish maqsadi alohida ta’kidlangan.
«Interfax» axborot agentligi O‘zbekiston tomoni taklif etgan beshta yo‘nalishni alohida ko‘rib chiqdi: uzoq muddatli rejalashtirish, sanoat kooperatsiyasi, muhim minerallar, iqlim bo‘yicha hamkorlik va kadrlar tayyorlash.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida imzolangan 13 ta bitim, memorandum va shartnoma ikki tomonlama kelishuvlarning amaliy asosini tashkil etdi.
Hujjatlar yana sakkizta tezyurar poyezd yetkazib berishni ishlab chiqish, milliy genom va biobank markazini tashkil etish, sanoatga sun’iy intellektni joriy etish, muhim minerallar, biotexnologiyalar, farmatsevtika, aqlli shaharlar va harbiy-texnik hamkorlik sohalarida hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
Qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Janubiy Koreya Eksimbanki Koreya kompaniyalari uchun muhim minerallar, ma’lumotlar markazlari, farmatsevtika va sanoat zonalarini o‘z ichiga olgan oltita strategik sektordagi loyihalarni izlash va moliyalashtirishda ishtirok etishi kutilmoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, 12 milliard dollar allaqachon kiritilgan investitsiyalar emas, balki istiqbolli portfel hajmi hisoblanadi. Imzolangan hujjatlarning aksariyati doiraviy xususiyatga ega, ayrim loyihalar esa hali texnik-iqtisodiy asoslashdan o‘tishi kerak.
Muallifning baholashicha, sammitning xalqaro darajada yoritilishi shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston xorijiy OAV tomonidan nafaqat uchrashuvning beshta ishtirokchisidan biri, balki investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, muhim minerallar, texnologiyalar va kadrlar tayyorlash sohalarida aniq tashabbuslarni taklif etuvchi mamlakat sifatida ham taqdim etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


