Polsha matbuoti: O‘zbekiston sport, turizm va iqtisodiyot sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 26, 2026. 14:00 • 2 daq
• 197VARSHAVA, 26-sentabr. /"Dunyo" AA/. Polshaning nufuzli nashrlarida O‘zbekiston taraqqiyoti, milliy sportni targ‘ib qilishdagi yutuqlari, turizm sohasining jadal o‘sishi va savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Polska-zbrojna» harbiy portalidagi «Kurash bo‘yicha medallarga ega askarlar» sarlavhali maqolada Polsha Qurolli Kuchlari vakillarining Toshkentda o‘tkazilgan Jahon harbiy kurash musobaqasidagi muvaffaqiyatlari haqida so‘z yuritilgan.
Nashr Xalqaro harbiy sport kengashi shafeligida o‘tkazilgan musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etib, O‘zbekistonning milliy kurashni xalqaro maydonda ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etgan.
Polsha terma jamoasi bosh murabbiysi, mayor Pyotr Krayevskiy musobaqa darajasi va o‘zbek kurashi an’analariga yuqori baho berib, shogirdlarining ushbu turnirda uchta medalni qo‘lga kiritganini qayd etdi.
«National Geographic» portalida e’lon qilingan maqolada O‘zbekistonning turizm sohasidagi natijalari alohida tahlil qilingan. Muallif «UN Tourism» va milliy statistika ma’lumotlarini keltirib, O‘zbekistonda xorijiy mehmonlar soni 2025-yildagi 11,7 million kishidan 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 9,1 million kishiga o‘sganini yozgan.
Viza rejimining soddalashtirilishi, 94 davlat, jumladan, Polsha fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimining joriy etilishi sayyohlar uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Varshava–Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi, tezyurar temir yo‘l transportining rivojlanishi va mehmonxona infratuzilmasining kengayishi O‘zbekistonni dunyoning eng dinamik sayyohlik markazlaridan biriga aylantirmoqda.
«Kig» saytida polshalik tadbirkorlarning O‘zbekistonga bo‘lajak ishbilarmonlik missiyasi anonsi joylashtirilgan. Maqolada mamlakat 7,7 foiz o‘sish sur’ati va 2025-yilda 43 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilgan holda Markaziy Osiyoning iqtisodiy yetakchisi sifatida tavsiflanadi.
AKT, agrosanoat, «yashil» texnologiyalar va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi Polsha kompaniyalariga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda, ikki davlat diplomatik vakolatxonalari ko‘magida tashkil etilayotgan B2B formatidagi platformadan foydalanish taklif etilmoqda
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


