O‘zbekiston muftiysi Moskvada vatandoshlar bilan uchrashdi
Aprel 17, 2026. 18:30 • 2 daq
• 82MOSKVA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Moskva shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Rossiyada tahsil olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yuz nafardan ortiq yoshlar ishtirokida muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov muftiy hazratlarining Rossiyaga ilk bor amalga oshirayotgan ushbu tashrifi davlatimiz rahbari tomonidan xorijdagi vatandoshlarning maʼnaviy ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor ifodasi ekanini taʼkidladi.
Muloqot davomida Shayx Nuriddin Xoliqnazar yurtimizda eʼtiqod erkinligini taʼminlash, masjid va madrasalarni obod etish hamda diniy taʼlimni rivojlantirish borasidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi va uning kechayu kunduz faoliyat ko‘rsatuvchi Call-markazi, yangi ochilayotgan Qurʼon kurslari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Muftiy hazratlari vatandan uzoqda bo‘lgan yoshlarning odob-axloqi, o‘zaro hurmat va hamjihatlik, ota-onalar bilan doimiy aloqada bo‘lish va yurt sog‘inchi kabi muhim insoniy qadriyatlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va ijtimoiy savollarga batafsil javob oldi. Bu kabi uchrashuvlar chet eldagi yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini mustahkamlash va ularning vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


