“Daily News Hungary”: Madaniyat va san’at O‘zbekiston va Iordaniyani yanada yaqinlashtirmoqda
Noyabr 18, 2026. 19:30 • 2 daq
• 140
BUDAPЕSHT, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida “O‘zbekiston va Iordaniya: madaniyat va san’at orqali ko‘priklar qurish” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Iordaniyani tarix, san’at va bilimga hurmatga asoslangan chuqur ma’naviy yaqinlik bog‘lab turadi.
Maqolada iordaniyalik san’at arboblari va rasmiy delegatsiyalarning O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro forumlardagi ishtirokiga alohida o‘rin berilgan.
Jumladan, Xiva shahridagi “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” madaniy forumi (2021-yil), Xalqaro lazgi raqs festivali (2022 va 2024-yillar), Zomin shahridagi xalqaro maqom san’ati festivali (2024-yil), Xivadagi IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali hamda Samarqanddagi “Sharq taronalari” musiqa festivali (2025-yil) qayd etilgan.
Shuningdek, Iordaniya madaniyat vaziri Mustafo al-Ravashedaning “Samarqand – 2025-yil Islom olami madaniy poytaxti” dasturining ochilish marosimida ishtirok etgani ham muhim voqea sifatida ta’kidlanadi.
Yakunda madaniy turizm, ta’lim va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ikki xalqning ko‘p asrlik merosini yosh avlod uchun dolzarb va jozibali qilishi, madaniyatni umumiy kelajakni qurishdagi mustahkam ko‘prikka aylantirish imkonini berishi qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi