O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Iyul 24, 2026. 16:15 • 2 daq
• 68
TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston yetakchisi O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Sadir Japarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hamda Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.
Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik surʼati tobora ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi jadal o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, jumladan, ishga tushirilgan Qo‘shma jamg‘arma doirasida amalga oshirilmoqda. Yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammit kun tartibini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada puxta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi