O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar
Avgust 30, 2026. 13:47 • 3 daq
• 13
TOSHKENT, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida Narendra Modi O‘zbekiston Prezidentini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, xalqimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Faol va samarali muloqotlar turli darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni yetti barobarga ko‘paydi. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti faoliyat yuritmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Bu O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi va barcha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.
Tomonlar siyosiy muloqot va almashinuvlarni barcha darajalarda, shu jumladan, parlamentlardagi do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasida faollashtirishga kelishib oldilar.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishni ta’minlash maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizmni ta’sis etish ko‘zda tutildi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoatida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuqori baholandi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Andijon viloyati va Gujarat shtati, Farg‘ona viloyati va Haryana shtati, Samarqand viloyati va Agra o‘rtasida yaqin sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dasturni imzolash ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yetakchilar xalqaro tuzilmalar doirasidagi samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tomonlar BMT, SHHT, BRIKS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida vazirlik va idoralar rahbarlariga qo‘shma loyiha va dasturlarning faol ilgari surilishini ta’minlash topshirildi.
Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va amalga oshirish muddatlarini o‘z ichiga olgan tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi