Yoaxim Frits: Bugun O‘zbekiston odamlarni, g‘oyalar va imkoniyatlarni bog‘laydigan ko‘prikka aylanmoqda

Avgust 30, 2026. 12:30 • 3 daq

41
Yoaxim Frits: Bugun O‘zbekiston odamlarni, g‘oyalar va imkoniyatlarni bog‘laydigan ko‘prikka aylanmoqda

BERLIN, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston bo‘yicha mintaqaviy direktori Yoaxim Frits mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Jamiyatimiz va o‘z nomimdan O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu davr mobaynida mamlakatingiz ulkan natijalarni qo‘lga kiritdi. Kelajakka yo‘naltirilgan islohotlar, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, mintaqa va jahon miqyosidagi ishonchli sherikchilik O‘zbekiston nufuzini har tomonlama yuksaltirmoqda.

Mamlakat jadal transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda va o‘z hamkorlarini barqaror kelajak sari birgalikda harakat qilishga chorlamoqda. Biz ushbu jarayonni rivojlanish sohasidagi ishonchli sherik sifatida qo‘llab-quvvatlab, Germaniya–O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga hissa qo‘shamiz.

O‘zbekiston tashabbuslari va yetakchiligi tufayli Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu so‘nggi yillarning eng muhim yutuqlaridan biridir. Shu bilan birga, mintaqadagi ushbu jarayon Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni ham yangi bosqichga olib chiqmoqda.

2023-yilda Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikka asos solindi. Bu o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligimiz uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar, jamiyatimiz ko‘magida tashkil etilayotgan xizmat safarlari va mutaxassislar almashinuvi munosabatlarimiz jadal rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Jamiyatimiz turli sherik va buyurtmachilar bilan birgalikda ushbu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlovchi keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirmoqda. Ular suv resurslarini boshqarish, iqlim va energetika, savdo va transport, “yashil” iqtisodiyot, samarali davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va kasbiy ta’lim kabi muhim sohalarni qamrab oladi. Shu orqali biz mintaqada iqtisodiy almashinuv va barqaror rivojlanish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga harakat qilayapmiz.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan har qanday insonni, shu jumladan, o‘zimni ham mamlakatdagi keng ko‘lamli taraqqiyot hayratga soladi. Bu yerda yangilanish, harakatchanlik va oldinga intilishni har dam his qilish mumkin.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi yoshlar sanaladi. Shu bois, biz yoshlarning sifatli kasbiy ta’lim olishi, munosib kasb egallashi va kelajak uchun zarur zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratamiz.

O‘zbekistonda Germaniya tajribasiga asoslangan dual kasbiy ta’lim tizimiga alohida e’tibor berilayotgani bizni quvontiradi. Bu modelda davlat va NNT malakali kadrlarni tayyorlash uchun birgalikda harakat qilmoqda.

Bu borada amaliy natijalarimiz ko‘p. Minglab yoshlar va mutaxassislar ta’lim va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etmoqda. Ta’lim muassasalari modernizatsiya qilinib, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlari joriy etilmoqda, pedagoglarning malakasi oshirilmoqda. Kompaniyalar esa dual ta’limga sarmoya kiritish va uni rivojlantirish jarayoniga tobora keng jalb etilmoqda. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Germaniya kompaniyalari ham mazkur yo‘nalishda samarali mehnat qilayapti.

Mamlakatda iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari juda katta. Ayniqsa, “yashil” transformatsiya sohasida yangi imkoniyatlar ko‘p. Suv resurslarini samarali boshqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, iqlimga mos va ekologik toza ishlab chiqarish, xomashyoni qayta ishlash, barqaror logistika va transport yo‘nalishlari munosabatlarni yanada kengaytirish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqini yana bir bor davlat mustaqilligining 35-yilligi bilan samimiy qutlayman.

Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan hamkorlik kelgusida ham yanada rivojlanib, ikki xalq manfaatiga xizmat qilishiga tilakdoshman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish