Shovot–Toshhovuz o‘zbek–turkman chegaraoldi savdo zonasi Britaniya OAV nigohida

May 19, 2026. 16:25 • 2 daq

18
Shovot–Toshhovuz o‘zbek–turkman chegaraoldi savdo zonasi Britaniya OAV nigohida

LONDON, 19-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning yetakchi “The London Post” nashrida Shovot–Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasi o‘zbek–turkman chegaraoldi savdo hududining Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligidagi muhim loyihalardan biri sifatidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada 2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirokida rasman ochilgan Xorazm va Toshhovuz viloyatlari o‘rtasidagi mazkur savdo zonasining tashkil etilishi chegaraoldi savdoni rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholangan.

Nashrda taʼkidlanishicha, mazkur loyiha kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, savdo jarayonlarini soddalashtiradi hamda chegaraoldi hududlarda ishbilarmonlik muhitini yana-da rivojlantiradi.

Materialda maʼmuriy va bojxona tartibotlarini tezlashtirish imkonini beruvchi “yagona darcha” mexanizmi joriy etilgani, shuningdek, tadbirkorlar va tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy infratuzilma yaratilganiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu bilan birga, savdo zonasi doirasida chegarani kesib o‘tishning soddalashtirilgan rejimi ishbilarmonlik faolligini oshirish va ikki davlat fuqarolari o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgani qayd etilgan.

“The London Post” taʼkidlashicha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanayotganini aks ettiradi hamda chegaraoldi hududlardagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish