Mazori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rmon xo‘jaligi vakillarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Noyabr 20, 2026. 18:00 • 2 daq

• 36
Mazori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rmon xo‘jaligi vakillarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Mazori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rmon xo‘jaligi vakillarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Mazori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rmon xo‘jaligi vakillarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi

MAZORI SHARIF, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi raisining o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonning Balx viloyatida amaliy tashrif bilan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Balx viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nurul Hodi Abu Idris, viloyat atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Shamsiddin Xolid hamda qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik boshqarmasi boshlig‘i Muhammad Muso Muhammadiy bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh qumli hududlarida cho‘llanish va qum bo‘ronlarining oldini olish maqsadida “yashil belbog‘” va ekologik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonning mintaqaviy ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari afg‘on rasmiylari tomonidan yuksak baholanib, qo‘llab-quvvatlandi. 

Delegatsiya a’zolari afg‘onistonlik mutaxassislar bilan birgalikda Duroyi – Hayraton avtotrassasining ikki tarafidagi hamda Balx viloyatining Amudaryoga yaqin joylashgan Kaldor va Sho‘rtepa tumanlari hududidagi qum zonalarining bugungi holati, shuningdek, mazkur hududlardagi qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik ko‘chatlarini yetishtirishga ixtisoslashgan ko‘chatxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar ko‘magida Afg‘oniston hududida “yashil o‘rmonzorlar” va “yashil qoplamalar” yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.

Loyiha doirasida Balx viloyatining qum zonalarida yashil belbog‘ barpo etish maqsadida suvsizlikka chidamli saksovul, qandim, yantoq va yulg‘un kabi o‘simliklarni ekish ishlari amalga oshiriladi. Mazkur tadbirlar bosqichma-bosqich olib borilib, dastlabki bosqichda 10 ming gektar qumli hududda “yashil qoplamalar” yaratish rejalashtirilgan. Kelgusida bunday yashil maydonlar ko‘lami yildan-yilga kengaytirib boriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish