AQShda xorijdagi vatandoshlar farzandlari uchun yangi ta’lim platformasi yaratildi
Noyabr 20, 2026. 15:30 • 3 daq
• 122
NYU-YORK, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQShning Pensilvaniya shtatida o‘zbekistonlik Shuhrat Fayziyev tomonidan xorijdagi vatandoshlar farzandlari uchun yangi ta’lim platformasi yaratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“DARSTOP” deb nomlangan ushbu xalqaro ta’lim platformasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning farzandlariga maktab dasturini o‘zlashtirish, til bilish ko‘nikmalarini takomillashtirish va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishga mo‘ljallangan.
Ushbu platforma ko‘p tilli muhitda voyaga yetayotgan bolalarning zamonaviy ta’lim tizimi talablariga yanada moslashishiga zamin yaratadi. Unda o‘qishni davom ettirish va kelajakda kasb tanlash uchun zarur bo‘lgan akademik bilimlarni boyitish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish, xorijiy tillar va ona tilini o‘rganish, zamonaviy texnologiyalar hamda amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Platforma 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun keng qamrovli ta’lim dasturlarini taklif etadi. Mashg‘ulotlar o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi va ehtiyojlarini inobatga olgan holda masofaviy shaklda, yakka tartibda yoki kichik guruhlarda olib boriladi.
Mazkur platformada AQSh kollejlari va universitetlariga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratilgan. Dasturning o‘ziga xos jihati ta’limga individual yondashuvdir. O‘qituvchilar va o‘quv dasturlari bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlanadi. Ota-onalar farzandining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda dars natijalarini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyiha asoschisining fikricha, “DARSTOP” o‘quvchilarining katta qismini AQShda yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlari tashkil etadi. Ular uchun bunday ta’lim imkoniyatlari nafaqat qo‘shimcha bilim olish, balki o‘zbek tili va madaniyatini unutmagan holda Amerika ta’lim muhitiga osonroq moslashish vositasi sifatida ham ahamiyatlidir.
Vatandoshlarning jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qilishi loyihani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Xususan, Filadelfiya hududidagi o‘zbek jamoasi vakillari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda, boshqa shtatlardagi diaspora tashkilotlari bilan ham munosabatlarni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi “DARSTOP” platformasining AQShdagi o‘zbek jamoalari bilan aloqalarini kengaytirish va vatandoshlarimiz farzandlari uchun ta’lim imkoniyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Mazkur tashabbus Bosh konsulxonaning yurtdoshlar bilan manzilli ishlash va ular amalga oshirayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatiga to‘la mos keladi.
Bunday hamkorlik oilalarni mavjud ta’lim dasturlari haqida keng xabardor qilish, ularning ehtiyojlarini inobatga olish hamda yosh avlodni AQSh va boshqa mamlakatlarda tahsil olishga tayyorlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi