Hindistonning Savdo va sanoat vazirligida “Yangi Toshkent” loyihasi va ochilayotgan investitsiya imkoniyatlari taqdimoti o‘tkazildi
Noyabr 20, 2026. 16:00 • 2 daq
• 72
DЕHLI, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi tomonidan “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish loyihasi va undagi investitsiyaviy imkoniyatlarga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda O‘zbekiston tomonidan elchi Sardor Rustamboyev, elchixona diplomatlari hamda onlayn shaklda “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasi vakillari ishtirok etdi.
Hindiston tomonidan Savdo va sanoat vazirligi rahbariyati, mamlakatning qurilish, infratuzilma, muhandislik va development sohalarida faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq kompaniya va tashkilotlar vakillari oflayn va onlayn shaklda qatnashdi.
Uchrashuvda Hindistonning yirik qurilish va infratuzilma kompaniyalari – “Larsen & Toubro Limited”, “Kalpataru Projects International Limited”, “Oriental Structural Engineers Pvt. Ltd.”, “Vishvaraj Environment Pvt. Ltd.”, “Teknow Overseas Pvt. Ltd.”, “Mohan Mutha Exports Private Limited” hamda Hindiston ko‘chmas mulk developerlari assotsiatsiyalari konfederatsiyasi (CREDAI) rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston vakillari “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish loyihasining umumiy konsepsiyasi, shaharsozlik rejalari, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan taqdimot namoyish etdi.
Xususan, yangi shaharni 20 ming gektar maydonda barpo etish, zamonaviy turar joy majmualari, tijorat obyektlari, ijtimoiy infratuzilma, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa yirik qurilish loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Taqdimot davomida Hindiston kompaniyalari vakillari tomonidan loyihada ishtirok etish istagi, investitsiya kiritish shartlari, yer uchastkalarini ajratish tartibi, qurilish loyihalarini amalga oshirish mexanizmlari va xorijiy investorlar uchun nazarda tutilgan sharoitlar yuzasidan bildirilgan savollarga batafsil tushuntirishlar berildi.
Mazkur tadbir Hindistonning yirik qurilish, development va infratuzilma kompaniyalarini “Yangi Toshkent” loyihasi bilan bevosita tanishtirish, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda istiqbolli investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi