O‘zbekiston Prezidenti: Barcha harakatlarimiz har bir inson o‘z hayotidan rozi bo‘lishiga qaratilgan

Noyabr 20, 2026. 15:20 • 3 daq

• 137
O‘zbekiston Prezidenti: Barcha harakatlarimiz har bir inson o‘z hayotidan rozi bo‘lishiga qaratilgan

TOSHKЕNT, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Parkent tumanining Kumushkon mahallasidagi “Silver Valley” oilaviy dam olish majmuasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, xizmatlar eksportini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Toshkent viloyatining, ayniqsa, uning tog‘li hududlarining tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 30-apreldagi “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda zamonaviy turizm majmualari barpo etilmoqda.

“Silver Valley” oilaviy dam olish majmuasi ham shunday loyihalardan biri. U tabiat qo‘ynida mazmunli hordiq chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, hududning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan.

Umumiy qiymati 148,5 milliard so‘m bo‘lgan majmua 29,5 gektar maydonda joylashgan. Loyiha doirasida 200 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda jami 120 o‘rinli 12 ta shale uslubidagi uy, zamonaviy qabul binosi, 300 o‘rinli restoran, jami 200 o‘ringa mo‘ljallangan 12 ta o‘tov-restoran, 100 o‘rinli terrasa-kafe hamda 4 ta SPA majmuasi barpo qilingan.

Sayyohlarning mazmunli dam olishi uchun tafakkur yo‘lagi, vorkaut zonalari, ziplayn va tyubing attraksionlari, yozgi kinoteatr hamda 10 ta attraksiondan iborat ko‘ngilochar maydon tashkil etilgan.

Majmua to‘liq ishga tushgach, kuniga 2,7 ming nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, sayyohlarga mahalliy mahsulotlar asosida xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va bunday maskanlarni boshqa tog‘li hududlarda ham ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Prezidentimiz aholi bilan suhbatda turmush darajasi yuksalishi bilan odamlarning mazmunli dam olishga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib borayotganiga e’tibor qaratdi.

– Odamlarning daromadi ko‘payib, ishlari yaxshilangan sari ular dam olish uchun qulay joy izlaydi. Parkentda shunday sharoitlar yaratsak, bu yerga oilalar farzandlari bilan kelib hordiq chiqaradi. Bunday turistik maskanlarni yil sayin ko‘paytirib borsak, nafaqat Toshkentdan, balki respublikamizning barcha hududlaridan odamlar keladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Qayd etilganidek, bunday loyihalar turizmni rivojlantirish bilan birga, aholining dam olishi uchun munosib sharoitlar yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va mahalliy tadbirkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadi inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarning hayotdan roziligiga erishish ekanini ta’kidladi.

– Bugun Parkentga kelishimdan maqsad – bu hududning imkoniyatlarini yanada kengaytirish, parkentliklarni o‘zgarishlarga ishontirish. Barcha harakatlarimiz har bir inson o‘z hayotidan rozi bo‘lishiga qaratilgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yangi tashabbuslarni amalga oshirish, odamlarda “qilsa bo‘lar ekan” degan ishonchni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Tashrif buyuruvchilarning hududda uzoqroq qolishini ta’minlash, ular uchun qo‘shimcha xizmat turlarini ko‘paytirish va mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish