O‘zbekiston va Rossiyaning Leningrad viloyati mutaxassislari o‘rtasida raqamli tibbiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi

Iyul 02, 2026. 21:30 • 2 daq

O‘zbekiston va Rossiyaning Leningrad viloyati mutaxassislari o‘rtasida raqamli tibbiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi

SANKT-PETERBURG, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Leningrad viloyati Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘tkir koronar sindromli bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, bemorlarning salomatlik ko‘rsatkichlarini masofadan monitoring qilishni tashkil etish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonining tegishli bo‘linmalari — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etish boshqarmasi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Leningrad viloyati Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksey Valdenberg ushbu yo‘nalishlarda viloyat tajribasini, xususan, o‘tkir koronar sindromlarda tibbiy yordam ko‘rsatish metodologiyasi va erishilgan natijalarni taqdim etdi.

“Bluetooth” va internet texnologiyalari orqali tibbiy asboblardan olingan maʼlumotlarni yagona elektron bazaga uzatishga asoslangan bemorlarni masofadan monitoring qilish tizimi taqdimotiga alohida eʼtibor qaratildi.

Aleksey Valdenbergning so‘zlariga ko‘ra, ushbu texnologiya internet aloqasi beqaror bo‘lgan chekka aholi punktlarida yashovchi bemorlarni uzluksiz masofadan kuzatish imkonini beradi. Bu esa tibbiy yordamning qulayligi va sifatini sezilarli darajada oshiradi.

Taqdimot yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv so‘ngida Aleksey Valdenberg ishtirokchilarni Leningrad viloyati tibbiyot muassasalariga tashrif buyurib, tizim faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish