AQSh Kanada va Meksika bilan savdo kelishuvini uzaytirishdan bosh tortdi

Iyul 02, 2026. 20:00 • 3 daq

65
AQSh Kanada va Meksika bilan savdo kelishuvini uzaytirishdan bosh tortdi
“Reuters” agentligi surati

VASHINGTON, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Oq uy AQSh, Meksika va Kanada o‘rtasidagi bitim (USMCA)ni hozirgi ko‘rinishda uzaytirishdan bosh tortib, hujjatda nazarda tutilgan qayta ko‘rib chiqish jarayonini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Qaror kelishuvning birinchi olti yillik sharhi yakunlariga ko‘ra qabul qilindi. Uning shartlariga muvofiq, USMCA har yili tekshiruvlar o‘tkazib borilgan holda yana 10 yil amal qiladi. Biroq muddat tugaguniga qadar tomonlar uning yangilangan tahririni kelishib olishi shart, aks holda, bitim o‘z kuchini yo‘qotadi.

AQSh savdo vakili Jeymison Grirning so‘zlariga ko‘ra, Vashington USMCAning hozirgi ko‘rinishda uzaytirilishiga rozi bo‘lmagan va kelishuvdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Meksika hamda Kanada bilan muzokaralarni davom ettirish niyatida.

AQSh va Meksika o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Unda tomonlar Shimoliy Amerika komponentlari ulushini oshirish va Xitoy bilan bog‘liq tovarlar uchun savdo imtiyozlaridan foydalanishni cheklash maqsadida avtomobillar va boshqa sanoat mahsulotlarining kelib chiqishi qoidalarini kuchaytirish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda.

Meksika iqtisodiyot vaziri Marselo Ebrardning taʼkidlashicha, Mexiko bu masalani bartaraf etish ustida ishlashga tayyor, ammo ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarda Amerika butlovchi qismlari ulushini oshirish borasida mamlakatlar o‘rtasida kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

Kanada ham muzokaralarni davom ettirishga, ayni vaqtda Donald Tramp maʼmuriyati tomonidan avvalroq mamlakat avtomobillari, po‘lati, alyuminiyi, yog‘ochi va boshqa mahsulotlariga joriy etilgan bojlarni bekor qilishga erishishga tayyorligini bildirdi.

USMCA 1994-yildan beri amalda bo‘lgan Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi (NAFTA) o‘rniga 2020-yilda kuchga kirgan. Hujjat uch mamlakat o‘rtasidagi yillik hajmi 1,6 trillion dollardan oshadigan savdoni tartibga soladi.

Vashington kelishuvni qayta ko‘rib chiqish zaruratini Meksika va Kanada bilan savdo taqchilligi saqlanib qolayotgani bilan izohlamoqda. Amerika tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Meksika bilan tovar savdosi taqchilligi 197 milliard dollarni, Kanada bilan esa 48,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Avvalroq AQSh USMCA doirasidagi savdo shartlarini o‘zgartirib, Meksika va Kanadadan avtomobil importiga 25 foizli, po‘lat va alyuminiyga 50 foizli, yog‘ochga 10 foizli bojlar joriy qilgan edi. Bu choralar Donald Tramp maʼmuriyatining ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirishni rag‘batlantirish va savdo taqchilligini qisqartirish siyosatining bir qismi bo‘lgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish