“Toshkent – Bekobod” yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Iyul 13, 2026. 11:29 • 2 daq

38
“Toshkent – Bekobod” yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

TOSHKENT, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan “2030 yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda transport infratuzilmasi yangilanib, mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda. Natijada aholi uchun qulay va sifatli transport xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bekobod vokzalida Prezidentimiz poytaxt va mazkur shaharni bog‘lovchi yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

192 kilometrlik “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan. Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud.

Tezkor elektropoyezdning qatnovga qo‘yilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz temir yo‘l infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yo‘llarga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish