O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida yangi muntazam aviaqatnov ochilmoqda
Sentabr 13, 2026. 10:00 • 2 daq
• 36HAYDAROBOD, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Centrum Air” aviakompaniyasi joriy yilning 28-sentabridan boshlab Toshkent–Haydarobod–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hindistonning Haydarobod shahrida O‘zbekiston elchixonasi, aviakompaniya vakillari hamda ikki mamlakatning turizm va ishbilarmon doiralaridan iborat vakil ishtirokida yangi yo‘nalish taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston–Hindiston munosabatlari jadal rivojlanib, keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi.
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Toshkent–Haydarobod aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi Hindiston Bosh vazirining 29–30-avgust kunlari Toshkentga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ekanini qayd etdi.
Parvozlar haftasiga ikki marta “Airbus A320neo” samolyotlarida amalga oshirilishi aytib o‘tildi. Haydarobod “Centrum Air” aviakompaniyasining Dehlidan keyingi ikkinchi hind yo‘nalishiga aylanadi.
Taqdimotda O‘zbekistonning turizm salohiyati, mehmonxona infratuzilmasi va dam olish maskanlari ham tanishtirildi. So‘nggi besh-olti yil ichida Hindistondan kelayotgan sayyohlar soni bir necha barobarga oshgani qayd etildi.
Ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ularda hindistonlik vakillar O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, tegishli kelishuvlarga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





