Samarqandda yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yakunlandi
Sentabr 06, 2026. 20:30 • 2 daq
• 141SAMARQAND, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida o‘tkazilgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada dunyoning 60 ta mamlakatidan yosh parlament a’zolari, 13 ta xalqaro tashkilot vakillari – qariyb 250 nafar delegat qatnashdi.
Ikki kun davomida yosh parlament a’zolari bugungi kunning dolzarb masalalarini muhokama qilib, turli nizoli sharoitlarda yoshlar huquqlarini himoya qilish va ularning bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohaza almashdi.
Konferensiya doirasida BMT, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, turli mamlakatlar parlament a’zolari ishtirokida ochiq muloqot va panel muhokamalar o‘tkazildi.
Muloqot jarayonida yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish, siyosiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, global muammolarni hal etishda ilg‘or usullardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, iqlim masalalari, raqamli transformatsiya va sun’iy intellektdan unumli foydalanish bo‘yicha yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat berildi.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorligi tobora rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.
Konferensiya yakunida yosh parlament a’zolari tomonidan yakuniy hujjatni qabul qildi. Unda bugungi global sharoitda inson haq-huquqlari, adolat va qadr-qimmatni himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatlar belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, mazkur hujjatda mojarolar sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yoshlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xotin-qizlarning siyosiy bilimini kengaytirish, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


