«Business Central Asia» jurnali: "Business Central Asia" jurnali: O‘zbekiston universitetlari innovatsiyalar va amaliy bilimlar markazlariga aylanmoqda
Mart 07, 2026. 11:00 • 2 daq
• 151
DEHLI, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yetakchi nashrlaridan biri - «Business Central Asia» jurnali O‘zbekistonda oliy taʼlimni rivojlantirishga bag‘ishlangan maqola chop etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼlim milliy yuksalish va mamlakatning jahon maydoniga chiqishida asosiy drayverga aylangani alohida taʼkidlangan.
Muallif O‘zbekistonda oliy taʼlim anʼanaviy nazariya chegaralaridan chiqib, iqtisodiyot va jamiyatning real ehtiyojlariga yo‘naltirilgan amaliy xususiyat kasb etganini qayd etgan.
Jurnal O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari safi jadal surʼatlar bilan kengayib borayotganiga eʼtibor qaratgan. Xususan, mamlakatimizda so‘nggi o‘n yil ichida 150 dan ortiq yangi o‘quv muassasalari ochilgani haqidagi maʼlumot keltirilgan.
«Business Central Asia» maqolasida mamlakatimiz universitetlari innovatsiyalar va amaliy bilimlar markazlariga aylanayotgani urg‘ulangan. Zamonaviy o‘quv dasturlari va xalqaro sheriklik milliy qadriyatlarga hamda mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga sodiq qolgan holda, global fikrlashga qodir bitiruvchilarning yangi avlodini shakllantirayotgani haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda O‘zbekistonda yaratilgan institutsional muhit alohida eʼtirof etilgan. Ushbu muhit yaxshi shakllantirilgan va ochiq deb tavsiflanib, mamlakat rahbariyatining xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish borasidagi samaradorligi, shaffofligi va samimiy intilishi qayd etilgan.
«Business Central Asia» o‘z maqolasini yakunlar ekan, ushbu sifatlar O‘zbekistonni akademik yuksalishning yangi markazi sifatida yana-da ilgari surish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganiga ishonch bildirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi