Dyusseldorfda O‘zbekiston–Germaniya iqtisodiy hamkorligining yangi istiqbollari muhokama qilindi
May 25, 2026. 15:25 • 3 daq
• 21
DYUSSELDORF, 25-may. /“Dunyo” AA/. Dyusseldorf Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida palata prezidenti Andreas Shmits 2025-yil sentyabr oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, bozorning erkinlashtirilishi va qulay sarmoyaviy muhitning yaratilishi xorijiy kompaniyalar uchun jozibador sharoitlar shakllantirayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqaning asosiy iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.
O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsuli Miranshoh Raupov uchrashuv tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi. U so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, savdo, sarmoya, turizm va migratsiya sohalaridagi hamkorlik esa yangicha mazmun kasb etayotganini taʼkidladi.
Andreas Shmits suhbat chog‘ida palataning nemis biznesini O‘zbekistondagi sarmoyaviy imkoniyatlar haqida xabardor qilish hamda O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgan kompaniyalarga ko‘maklashish borasidagi faoliyati to‘g‘risida maʼlumot berdi. Shuningdek, u noyabr oyida Dyusseldorfda Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatning sayyohlik salohiyatini rivojlantirish va madaniy merosini xorijda targ‘ib qilish masalalariga eʼtibor qaratdi. Joriy yilning mart oyidan boshlab O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar soni bittadan uchtaga ko‘paygani, nemis sayyohlari oqimi esa o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshgani qayd etildi.
Savdo-sanoat palatasi prezidenti Toshkentning zamonaviy qiyofasi va Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi tarixiy shaharlar nemis sayyohlari uchun katta qiziqish uyg‘otishini taʼkidladi. U, shuningdek, turizm sohasida raqamli texnologiyalar va onlayn targ‘ibotdan foydalanish samaradorligini eʼtirof etdi.
Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik muhokamalarning alohida yo‘nalishi bo‘ldi. Miranshoh Raupov Germaniya mehnat bozori uchun mutaxassislar tayyorlash loyihalari va talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish dasturlari haqida maʼlumot taqdim etdi.
Germaniya tomoni, agar nemis tilini biladigan va ishga joylashishga tayyor mutaxassislar haqida maʼlumot bo‘lsa, palata biznes vakillari bilan birgalikda ularni ishga yollash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma biznes-tadbirlar shaklidagi hamkorlikni davom ettirishga hamda Dyusseldorfda joylashgan kompaniyalarga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari logistika xabini tashkil etadi



