“Asdaa Oman”: O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligining yangi drayveriga aylanmoqda
May 25, 2026. 14:55 • 2 daq
• 97
MASKAT, 25-may. /“Dunyo” AA/. O‘monning “Asdaa Oman” nashrida eʼlon qilingan maqolada O‘zbekistonning mintaqaviy savdo, transport va sarmoyaviy jarayonlardagi o‘rni ortib borayotganini alohida qayd etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) yuqori resurs, sanoat va logistika salohiyatiga ega mamlakatlarni birlashtirib, Yevroosiyoda iqtisodiy hamkorlikning muhim platformasiga aylanib bormoqda.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston ishlab chiqarish, eksport va sanoat kooperatsiyasidagi mavqeini mustahkamlagan holda, mintaqadagi eng jadal rivojlanish bosqichini namoyish etmoqda.
So‘nggi besh yil ichida mamlakat eksport hajmini oshirib, mintaqaviy taʼminot zanjirlaridagi ishtirokini kuchaytirish orqali o‘zining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshiladi. Bunda asosiy savdo hamkorlari bo‘lib qolayotgan Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan kengayib borayotgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sarmoyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2017-yildan 2025-yilgacha mintaqa mamlakatlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 11,5 milliard dollardan oshdi. Mamlakatda turkiy makon davlatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda, Turkiya esa eng yirik sarmoyador bo‘lib qolmoqda.
Maqolada transport integratsiyasining ahamiyati ham alohida yoritilgan. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston quruqlik va multimodal yo‘laklarni, jumladan, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarni, istiqbolli “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l loyihasini faol rivojlantirmoqda. Bu yo‘nalishlar eksportni kengaytirish va logistika xarajatlarini qisqartirishning asosiy omili sifatida ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, iqtisodiy hamkorlik asosi sifatida raqamlashtirishning o‘rni ortib borayotgani taʼkidlangan. Raqamli standartlarni uyg‘unlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va yagona platformalarni joriy etish tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish hamda mintaqa ichidagi savdoni kengaytirishning muhim vositasi sanaladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




