Dehlida “Markaziy Osiyo – Hindiston” tahlil markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

Oktabr 13, 2026. 18:37 • 3 daq

• 127
Dehlida “Markaziy Osiyo – Hindiston” tahlil markazlari forumi bo‘lib o‘tdi

DEHLI, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi, Xalqaro Markaziy Osiyo instituti (XMOI) va Observer Research Foundation (ORF) tahliliy markazi hamkorligida ilk bor “Markaziy Osiyo – Hindiston” tahlil markazlari forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekspertlar muloqotini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamkorligini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashda muhim qadam bo‘ldi.

Forumda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yetakchi tahliliy markazlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida siyosiy aloqalarni chuqurlashtirish, investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar almashinuvi va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, muhim mineral resurslardan samarali foydalanish, yashil energetika, raqamli texnologiyalar, transport va infratuzilmaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, ta’lim hamda inson kapitalini rivojlantirish kabi strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Bu sohalardagi hamkorlik Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonning ORF, 

Vivekananda xalqaro jamg‘armasi (VIF), Hindiston xalqaro munosabatlar tadqiqoti kengashi (ICWA) hamda “Chintan” tadqiqot jamg‘armasi (CRF) vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, transport, innovatsiyalar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlarning muhim natijalaridan biri XMOI va Hindistonning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni institusional jihatdan mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilganidir.

Xususan, qo‘shma tadqiqotlar va tahliliy nashrlar tayyorlash, ekspertlar o‘rtasida hamda axborot-tahliliy materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, muntazam konferensiyalar, davra suhbatlari va maslahatlashuvlar o‘tkazish rejalashtirildi. Bu ekspertlar tavsiyalarini amaliy tashabbuslarga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Umuman, “Markaziy Osiyo – Hindiston” forumi mintaqalararo hamkorlikni faqat siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan cheklab qo‘ymasdan, uni ilmiy-tahliliy hamkorlik orqali boyitishga xizmat qiladi.

Muntazam ekspertlar muloqotining yo‘lga qo‘yilishi umumiy manfaatlarni aniqlash, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, forum O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklikni rivojlantirish yo‘lidagi istiqbolli platforma hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish