Samarqanddagi Butunjahon sammiti doirasida bolalar kelajagi uchun xalqaro muloqot bo‘lib o‘tdi
Oktabr 25, 2026. 14:00 • 3 daq
• 58QOHIRA, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Yum as-Sabi” (Youm7) nashrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” mavzusidagi Butunjahon sammiti haqida turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Birinchi maqolada qayd etilishicha, mazkur nufuzli sammitda 100 dan ortiq davlat vakillari, jumladan, Bolalik va onalik ishlari bo‘yicha milliy kengash raisi Sahar as-Sanbati boshchiligidagi Misr delegatsiyasi ham ishtirok etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida bolalarga sarmoya kiritishni ko‘paytirish, ularni zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va raqamli xavflardan himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, o‘tgan davr ichida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 78 foizgacha oshdi, qashshoqlik darajasi esa besh yil ichida deyarli to‘rt baravarga kamaydi.
Alohida maqola O‘zbekiston Prezidentining bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun raqamli savodxonlik dasturlarini kengaytirish, “Samarqand platformasi”ni muntazam muloqot mexanizmiga aylantirish hamda muddatlari va javobgarlik aniq belgilangan harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflariga bag‘ishlangan.
Yana bir maqolada O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyevaning dunyoda 400 milliondan ortiq bola o‘ta qashshoqlikda yashayotgani, qariyb bir milliard bola esa iqlim o‘zgarishi oqibatlari xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda voyaga yetayotgani haqidagi fikrlari keltirilgan.
Sammitda ishtirok etgan Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘an bolalar masalalarini global kun tartibi markazida ushlash va urush o‘choqlarida, avvalo, G‘azo sektoridagi bolalarni himoya qilishga chaqirgan. U Turkiyada bolalarni raqamli muhitdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida fikr bildirgan.
Nashrning xabar berishicha, JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus Ziroat Mirziyoyeva bolalar, ayniqsa, saraton kasalligiga chalingan bolalar salomatligi va farovonligini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun JSST Bosh direktorining 2026 yilgi mukofotiga sazovor bo‘lganini e’lon qilgan.
Yana uchta maqola BMT vakillarining nutqlariga bag‘ishlangan. BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla Majidning ta’kidlashicha, dunyodagi har to‘rt bolaning uchtasi hech qanday ijtimoiy himoya shakli bilan qamrab olinmagan.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Amina Muhammad o‘z videomurojaatida bolalar huquqlari kutib tura olmasligini ta’kidlagan. BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalil ur-Rahmon esa bolalar farovonligiga kiritilayotgan sarmoyalarni amaliy yechimlarga aylantirishga chaqirgan.
“Al-Yum as-Sabi” ikki kunlik sammit yakunlari bo‘yicha Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganini ma’lum qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


