Oʻzbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi boshlandi
Yanvar 29, 2026. 18:23 • 45 soniya
• 53
TOSHKENT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga bugun rasmiy tashrif bilan Anqara shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, “Esenbog‘a” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va rafiqasi kutib oldi.
Ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Davlat rahbarlari va birinchi xonimlar qisqa uchrashuv o‘tkazdilar.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bugun Oqsaroy qarorgohida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralarda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika, madaniyat, gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Anqara shahridagi tadbirlar doirasida Xatay viloyatining Arsuz tumanida “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi va Istanbulda o‘zbek maktabining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
