Logo

“Hürriyet” gazetasi: Anqara–Toshkent sherikligi turkiy dunyo kelajagi va farovonligida muhim ahamiyatga ega

Yanvar 29, 2026. 16:16 • 4 daq

16
“Hürriyet” gazetasi: Anqara–Toshkent sherikligi turkiy dunyo kelajagi va farovonligida muhim ahamiyatga ega

ANQARA, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Hürriyet” gazetasida “ANKASAM” – Anqara inqiroz va siyosatni o‘rganish markazi direktori, professor Mehmet Seyfettin Erolning O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifiga doir tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifning yozishicha, geosiyosiy murakkablik davrida Markaziy Osiyoning markazida joylashgan turkiy dunyo tobora faol va taʼsirchan ishtirokchiga aylanib bormoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston va uning rahbarining mintaqaviy tinchlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlari alohida eʼtiborga sazovor.

Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan va butun mamlakat bo‘ylab ichki islohotlar, raqamlashtirish va investitsiya strategiyalari, infratuzilma va taʼlim loyihalari, mintaqaviy integratsiya, turkiy dunyo bilan chuqur hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatiya shaklida namoyon bo‘layotgan “Yangi O‘zbekiston” tasavvuri ham mintaqaviy, ham global miqyosda strategik ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda Anqara–Toshkent geosiyosiy aloqalari Yevroosiyo miqyosida strategik muvofiqlashtiruv liniyasiga aylandi va mazkur mintaqaning yuksalishida muhim o‘rin tutmoqda. 2016–2026-yillardagi davr ushbu yangi jarayon uchun mustahkam poydevor yaratdi. O‘zbekiston yetakchisining Turkiyaga tashrifi mavjud keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan nafaqat geosiyosiy va strategik tabiati, balki gumanitar jihati bilan ham chuqur mazmunli va muhim ahamiyat kasb etadi. 2023-yilgi zilzilaga tezkorlik bilan javob bergan va butun hududlarimizda birodarlari va opa-singillariga yordam qo‘lini cho‘zgan O‘zbekiston zilziladan keyin ham bor imkonlarini safarbar qilishda davom etdi.

Ushbu tashrif davomida Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyev tomonidan mening tug‘ilib o‘sgan yurtim bo‘lgan Hatayda, birodar o‘zbek xalqi ko‘magida qurilgan uy-joylarni topshirish rejalashtirilgani – ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning gumanitar diplomatiya jihatini yaqqol namoyon etadi.

Yana bir muhim jihat – bu tashrif davomida Istanbulda chet eldagi birinchi o‘zbek maktabiga tamal toshining qo‘yilishi kutilmoqda. Bu esa, janob Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichidagi taʼlim sohasida boshlagan islohotlar to‘lqinini xorijdagi diaspora farzandlariga ham yetkazishni maqsad qilganidan dalolat beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ertaga bo‘lib o‘tadigan rasmiy tashrifi 20-yanvarda bo‘lib o‘tgan muhim muzokaralarning davlat rahbarlari darajasidagi tasdig‘i va strategik uzluksizlikning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur tashrif Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevroosiyoning o‘zaro bog‘liqligini strategik doiraga joylashtirish imkoniyati jihatidan ham muhim. Prezidentlar Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi kuchli liderlik diplomatiyasi bu yo‘nalish siyosiy iroda nuqtai nazaridan mustahkam poydevorga egaligini ko‘rsatadi.

Ushbu tashrif Anqara–Toshkent liniyasi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar darajasida, balki Yevrosiyoga daxldor mintaqaviy va global miqyosda ham taʼsir ko‘rsatadigan yo‘nalishga aylanganini va rahbarlar darajasida mintaqaviy/global geosiyosatni umumiy tafakkur qilishga intilishni tasdiqlaydi. Tashrif doirasida klassik ikki tomonlama munosabatlar mavzularidan tashqari, “O‘rta koridor”ni chuqurlashtirish, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik va Turkiy dunyoning integratsiyasi kabi muhim mavzular ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

2026-yil 20-yanvarda Turkiyaga yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi va 4+4 formatidagi uchrashuvlar Anqara–Toshkent hamkorligini kengaytirishda muhim bosqich hisoblanadi. Tashrif davomida siyosiy, iqtisodiy, transport, mudofaa va xavfsizlik sohalarida qator strategik shartnomalar imzolandi. Ushbu aloqalarning eng muhim natijasi 4+4 mexanizmining yaratilishi bo‘ldi. Ushbu mexanizm tashqi ishlar, ichki ishlar, mudofaa va xavfsizlik sohalarida muntazam, muvofiqlashtirilgan va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini mustahkamlovchi institutsional tuzilmani yaratish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqa va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.

O‘zbekistonning Turkiy dunyo bilan munosabatlari tashqi siyosatining eng strategik jihatlaridan biriga aylandi. Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) integratsiya jarayoni jadal rivojlandi va O‘zbekiston TDT doirasida faol va konstruktiv hamkorga aylandi. Bu Turkiy dunyoning madaniy, iqtisodiy-tijorat va logistika integratsiyasini mustahkamlaydigan “O‘rta koridor”, energetika va transport loyihalari, qo‘shma akademik platformalar va madaniy festivallar kabi strategik dasturlar orqali amalga oshirildi. Bularning barchasi mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikka hissa qo‘shmoqda.

Turkiya–O‘zbekiston munosabatlari bu jarayonda ham juda muhim o‘rin tutdi. Ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan uyg‘unlik va umumiy qarashlar TDT loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirib, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka qaratilgan strategik rolni anglashga ko‘mak ko‘rsatdi.

Anqara–Toshkent geosiyosiy yo‘nalishi mintaqada strategik aloqa yo‘lagini yaratdi. Xususan, “O‘rta koridor”ning iqtisodiy va logistik integratsiyasi ushbu liniyaning mintaqaviy-global savdo xaritalarida muhim rol o‘ynashiga imkon berdi. Shuning uchun ham, Anqara–Toshkent sherikligi nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki turkiy dunyoning kelajagi hamda Markaziy Osiyoning geosiyosiy yaxlitligi, barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun ham muhimdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish