Logo

O‘zbekiston va Isroil oliy taʼlim muassasalari istiqbollari muhokama qilindi

Yanvar 29, 2026. 16:32 • 1 daq

48
O‘zbekiston va Isroil oliy taʼlim muassasalari istiqbollari muhokama qilindi

TEL-AVIV, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Isroilning Bar-Ilan universiteti rahbariyati va yurtimizning qator oliygohlari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deya xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat jarayonida Bar-Ilan universiteti vitse-prezidenti, professor Zeyev Zalevskiy boshchiligidagi isroillik pedagoglar Buxoro davlat, Samarqand davlat, O‘zbekiston Milliy, Namangan davlat texnika, Buxoro davlat texnika, Farg‘ona davlat texnologiya universitetlari, “Cyber University” hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati muhandislik maktabi rahbariyati bilan fikr-mulohaza almashdi.

Muloqot chog‘ida yurtimiz oliy o‘quv yurtlari vakillari o‘z universitetlari haqida maʼlumot berdi. Isroildagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, muhandislik va amaliy fanlar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘z navbatida, professor Zeyev Zalevskiy akademik tadqiqotlarni yuqori texnologiyali tarmoqlar ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan “Industrial PhD dasturi” konsepsiyasini taqdim etdi.

Taklif etilayotgan modelga ko‘ra, doktorantlar O‘zbekistonda taʼlim olishi, ixtisoslashgan kompaniyalarda ishlashi va bir vaqtning o‘zida Bar-Ilan universiteti va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridan ilmiy rahbarlikdan o‘tishi mumkin. Ushbu yondashuv o‘qishni tugatgandan so‘ng, darhol amaliy faoliyatga tayyor bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash imkonini berishi taʼkidlandi.

Suhbat davomida qo‘shma ilmiy rahbarlik, doktorantura dasturlarini moliyalashtirish, akademik mobillik va O‘zbekistonda kibertaʼlimni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish