Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi

Iyul 24, 2026. 12:03 • 2 daq

12
Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Turkmaniston milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimizning tinimsiz mehnati va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati tufayli O‘zbekiston yangi marralarni zabt etayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda salmoqli taraqqiyotga erishayotganini alohida taʼkidladi.

Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik surʼati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda faol muloqotlar davom ettirilmoqda. Yaqinda Ashxobodda o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali yakunlari yuksak baholandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasining samarali faoliyati ham o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yana-da kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy kun tartibini, shu jumladan joriy yil kuzda Avaza shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish