O‘zbekiston Prezidenti maxsus turdagi avtomobillar va mexanizmlar ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi

Iyul 22, 2026. 21:12 • 2 daq

113
O‘zbekiston Prezidenti maxsus turdagi avtomobillar va mexanizmlar ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi

TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nurafshon shahridagi “Nurafshon maxsus texnika” korxonasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda avtomobilsozlik va mashinasozlik tarmoqlarini zamonaviy talablar asosida isloh qilish, sohaning raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Umumiy qiymati 50 million AQSh dollari bo‘lgan loyiha doirasida 25,8 gektar maydonda tashkil etilgan “Nurafshon maxsus texnika” korxonasida bugungi kunda “KRANTAS” brendi ostida maxsus turdagi avtomobillar, harbiy texnika va turli mexanizmlar ishlab chiqarilmoqda, 300 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassis doimiy ish o‘rni bilan taʼminlangan.

Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uskuna va texnologiyalar AQSh, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy hamda Turkiya davlatlaridan keltirilgan.

O‘tgan davrda 2 yarim ming tonnaga yaqin metall konstruksiya, 300 dan ziyod avtomobil ustqurmasi, 200 dan ortiq shassi va 20 dan ziyod traktor ishlab chiqarildi. Jumladan, o‘tgan yilda 275 milliard so‘mlik texnika va mexanizmlar buyurtmachilarga yetkazib berildi. 

Korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 10 gektar yer maydonida yangi zavod qurish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga 15-18 million AQSh dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari majmuadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar va zamonaviy texnologik yechimlarni ko‘zdan kechirdi. Soha mutasaddilari va muhandislar bilan muloqotda mahalliylashtirishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish