Iroqda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Iyul 24, 2026. 12:00 • 2 daq
• 17
BAG‘DOD, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Al-Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov Iroqqa amalga oshirgan xizmat safari doirasida “Al Qalab General Construction Company” kompaniyasi rahbariyati hamda u yerda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, Iroqda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif davomida elchi vatandoshlar bilan bevosita muloqot o‘tkazib, ularning yashash sharoitlari, ish haqi, tibbiy xizmatdan foydalanish va ijtimoiy-maishiy masalalari bilan yaqindan tanishdi. Fuqarolarni qiziqtirgan savollarga konsullik-huquqiy sohaga oid tegishli tushuntirish va maslahatlar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda mintaqadagi mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, vatandoshlarimizga shaxsiy xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish, Iroq qonunchiligi va mahalliy tartib-qoidalarga so‘zsiz amal qilish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
“Al Qalab General Construction Company” Iroqning sanoat, neft-gaz, energetika, transport va infratuzilma sohalarida yirik loyihalarni amalga oshiruvchi yetakchi xususiy pudrat tashkilotlaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda kompaniyada 100 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi molyar, payvandchi, maxsus texnika va yirik qurilish avtomobillari haydovchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi