Prezidentimiz Nurafshon shahrida yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasiga bordi

Iyul 22, 2026. 18:51 • 3 daq

144
Prezidentimiz Nurafshon shahrida yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasiga bordi

TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nurafshon shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat ijtimoiy xizmatlari ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyatida ilk marotaba tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kompleks xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

U yerda 5 ta muassasa – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirilgan.

Majmua barpo etilishi hisobiga har yili Nurafshon shahri hamda unga yaqin bo‘lgan O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida 10 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Mazkur muassasada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga to‘laqonli va mustaqil moslashishiga ko‘mak beriladi.

Shuningdek, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali 5 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada ko‘p yillar uyida o‘tirib qolgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan bolalar jamiyatga integratsiya qilinadi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi standart va sunʼiy intellekt yordamida tashxislash, Toshkent viloyat tajribasi asosida mahalladagi ijtimoiy xodimlarning yangicha ishlash mexanizmlari taqdimoti bilan tanishdi.

Prezidentimiz mazkur Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga munosib moslashishi hamda ijobiy ruhiyat bilan yashashiga ko‘maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi.

Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyatidagi “Inson” volontyorlari jamoasi bilan suhbatlashib, ularning loyihalari bilan tanishdi. Majmua faoliyatini maʼqullab, respublika bo‘ylab shunga o‘xshash hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Maʼlumot o‘rnida aytish mumkinki, mavjud imkoniyatlarni yana-da kengaytirib, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini respublikada kamida 90 taga yetkazish maqsad qilingan. Bunda yangi markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ko‘p istiqomat qiladigan, transport qatnovi qulay hamda fuqarolar uchun yetib borish oson bo‘lgan hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish