Xorazm va Hatay ishbilarmonlari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Iyun 15, 2026. 22:30 • 2 daq

33
Xorazm va Hatay ishbilarmonlari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

ANTAKYA, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Xorazm viloyati delegatsiyasining Turkiyaning Hatay viloyatiga tashrifi doirasida Iskandarun Savdo va sanoat palatasi raisi Levent Haqqi Yilmaz boshchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Hatay viloyatining sanoat, logistika, metallurgiya, filtr ishlab chiqarish va sport infratuzilmasi sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Xorazm viloyatining investitsiyaviy va turistik salohiyati taqdimoti o‘tkazilib, erkin iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish quvvatlari, eksport imkoniyatlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga yuqori baho berib, mamlakat bozoriga katta qiziqish mavjudligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida bir qator turk kompaniyalari vakillari o‘z sohalari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi. Ayni paytda mazkur tashrif dasturi ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, Xorazm viloyati tomonidan 2026-yil avgust–sentyabr oylarida Xiva shahrida ikki hudud ishbilarmon doiralari ishtirokida qo‘shma biznes forumi tashkil etish taklifi ilgari surildi. Turkiya tomoni mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Tashrif doirasida delegatsiya Iskandarun uyushgan sanoat zonasi faoliyati bilan tanishib, hududdagi eksport infratuzilmasi, investorlarga yaratilgan imkoniyatlar va logistika tizimi haqida ma’lumot oldi.

Delegatsiya a’zolari “ON Filtre”, “Filmar Filtre”, “Asas Filter”, “Özler Logistics”, “Hatko Teknik Tekstil ve Spor Sistemleri”, “Edip Demir Çelik” kabi yirik sanoat korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, eksport amaliyoti va zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Tomonlar muzokaralar jarayonida investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, logistika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Levent Haqqi Yilmaz boshchiligidagi Iskandarun ishbilarmon doiralari vakillari Xorazm viloyati bilan uzoq muddatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish