Hindistonda musson yomg‘irlari tufayli kamida 25 kishi halok bo‘ldi

Iyul 20, 2026. 18:00 • 2 daq

216
Hindistonda musson yomg‘irlari tufayli kamida 25 kishi halok bo‘ldi
“AFP”agentligi surati

DEHLI, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Hindiston shimoli va shimoli-sharqida kuchli musson yomg‘irlari keltirib chiqargan suv toshqinlari hamda ko‘chkilar oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar bedarak yo‘qoldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligi maʼlumotiga tayanib.

Rasmiylarning maʼlum qilishicha, yaqin kunlarda mintaqada yana kuchli yog‘ingarchilik kutilmoqda. Hindistonning Kashmirida, xususan, Punch, Rajuri va Doda tumanlarida jala bilan bog‘liq turli hodisalarda kamida 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Yana bir necha kishi bedarak yo‘qolgan.

Nagalend shtatida davomli yomg‘irlar sababli yuzaga kelgan ko‘chkilar to‘qqiz kishining umriga zomin bo‘ldi. Qutqaruvchilar to‘rt nafar halok bo‘lganning jasadini topdi. Qo‘shni Assam shtatida esa suv toshqini natijasida bir kishi vafot etdi, kuchli yomg‘irlardan yetti tumanning 57 mingdan ortiq aholisi jabr ko‘rdi.

Nepalda iyun oyi o‘rtalarida musson mavsumi boshlanganidan buyon suv toshqinlari, ko‘chkilar, kuchli yomg‘irlar va chaqmoq urishi oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qoldi, yana 69 kishi jarohatlandi. Ko‘chkilar tufayli bir nechta avtomagistral, jumladan, Katmanduni mamlakatning janubiy hududlari bilan bog‘laydigan trassa ham yopib qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish