“Notizie Geopolitiche”: O‘zbekiston “Yashil” iqlim fondi ko‘magida landshaftni muhofaza qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni ishga tushirmoqda
Noyabr 20, 2026. 17:30 • 2 daq
• 34
RIM, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Italiyaning “Notizie Geopolitiche” onlayn-nashrida “O‘zbekiston COP31 da Markaziy Osiyo iqlimi uchun 264 millionlik rejani taqdim etdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentining taklifiga binoan Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMT iqlim konferensiyasida ishtirok etdi.
Nashr O‘zbekistonning asosiy hissalaridan biri sifatida Markaziy Osiyoda iqlimga barqaror landshaftni rivojlantirish dasturining ishga tushirilganini ta’kidlaydi. Yetti yilga mo‘ljallangan mazkur dastur O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, oktyabr oyida “Yashil” iqlim fondi tomonidan ma’qullangan.
Uning umumiy budjeti 264,4 million yevroni tashkil etadi, shundan 103,7 million yevrosi O‘zbekistonga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar o‘rmon va yaylovlarni tiklash, fermerlarga o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashishda yordam berish hamda tabiiy resurslar boshqaruvini yaxshilashga sarflanadi.
Nashrning yozishicha, konferensiya doirasida Davlatimiz rahbari Finlyandiya, Sloveniya va Gruziya yetakchilari, shuningdek, Saudiya Arabistonining energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari – “Yashil” iqlim fondi, Jahon banki, TIKB va Jahon meteorologiya tashkiloti vakillari bilan iqlimni moliyalashtirish va suv xavfsizligi masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi