O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlari

Sentabr 07, 2026. 18:00 • 3 daq

154
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlari

TOSHKENT, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Madinabonu Qayumova “Dunyo” AAga Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun boshlanayotgan Serbiyaga rasmiy tashrifidan kutilayotgan natijalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lishi mumkin. So‘nggi bir yil davomida Toshkent va Belgrad o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashib, yana-da tizimli tus oldi. Shu nuqtai nazardan, erishilgan siyosiy muloqot darajasini aniq savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va gumanitar loyihalarga aylantirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bugungi ijobiy dinamika qariyb o‘ttiz yil davomida shakllangan munosabatlarga tayanadi. Serbiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 31-dekabrda tan olgan, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar esa 1995-yil 18-yanvarda o‘rnatilgan. Dastlabki yillarda aloqalar Yugoslaviya Ittifoq Respublikasining Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi orqali olib borilgan. 2003-yilda Serbiyada yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat sababli mazkur diplomatik missiya o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Munosabatlar 2025-yilda yangi surʼat kasb etdi. Sentyabr oyida Pekinda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi. Serbiya yetakchisining 28–31-oktyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi muhim voqea bo‘ldi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiyalar, taʼlim, turizm, mehnat migratsiyasi va hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarini qamrab olgan hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Elchilarning o‘zaro akkreditatsiyasi ham muhim institutsional qadam bo‘ldi. 2025-yil 7-iyulda O‘zbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisi Serbiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirgan bo‘lsa, 27 oktyabrda Serbiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘zbekiston tomoniga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Aloqalarning yuqori surʼati 2026-yilda ham saqlanib qoldi. Aprel oyida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Antaliya diplomatiya forumi doirasida muzokaralar o‘tkazdi, may oyida esa Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 18-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Aleksangdr Vuchich Bokuda bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaharsozlik forumi doirasida yana uchrashdilar. Iyul oyida yetakchilar telefon orqali muloqot qildilar, 3-avgust kuni esa Belgradda ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

Siyosiy muloqot ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bilan bosqichma-bosqich to‘ldirilmoqda. Oliy Majlis palatalarida Serbiya Xalq majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tuzildi. Senat raisi Tanzila Narbayeva 2026-yil iyun oyida Parlamentlararo ittifoqning parlamentdagi ayol aʼzolarining global konferensiyasida ishtirok etish uchun Belgradga tashrif buyurgan bo‘lsa, bir necha hafta o‘tgach, Toshkent “Serbiya-O‘zbekiston” parlament do‘stlik guruhi raisi Aleksandr Markovich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Shakllangan siyosiy va institutsional baza iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Shu bilan birga, uning bugungi ko‘lami mavjud salohiyatga nisbatan ancha pastligicha qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi qariyb 12 million AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu savdo hajmini ham, ishlab chiqarish kooperatsiyasini ham sezilarli darajada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Ikki tomonlama munosabatlarning madaniy-gumanitar yo‘nalishi ham bosqichma-bosqich kengaymoqda. Bu borada Serbiya Prezidentining 2025-yil oktyabr oyidagi tashrifi davomida Toshkent va Belgrad o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish