“Orta Lectura”: Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans sari dadil odimlamoqda
Iyul 02, 2026. 10:30 • 2 daq
• 43
MADRID, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning ommabop “Orta Lectura” nashrida O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy intellektual yuksalishiga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Ulug‘bek – yulduzlarga boqqan hukmdor. XXI asr Uyg‘onish davri: O‘zbekiston evolyutsiyasi” sarlavhali maqolada yozilishicha, Markaziy Osiyoning markazi hisoblangan, bir paytlar Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishi bo‘lgan O‘zbekiston nafaqat o‘z infratuzilmasini rivojlantirmoqda, balki Yevroosiyoning intellektual markazi maqomini ham qayta tiklamoqda.
Nashrda Yangi O‘zbekistonning milliy o‘zlikni anglash siyosati uchta Renessans konsepsiyasining izchilligiga asoslanishi yoritilgan. IX–XII asrlardagi Birinchi Renessans davrida Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy kabi allomalar algebraga asos solib, tibbiyot va tabiiy fanlarni yuksaltirgan bo‘lsa, XIV–XV asrlardagi Ikkinchi Renessans Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘lanib, meʼmorchilik va astronomiyaning gullab-yashnashiga olib keldi.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan Uchinchi Renessans o‘tmishga bo‘lgan shunchaki hurmat emas, balki taʼlim, texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy ochiqlikka asoslangan kompleks modernizatsiya loyihasidir. Zero, XXI asrda davlat qudrati harbiy kuch bilan emas, balki bilim yaratish va global iqtisodiyotga integratsiyalashish qobiliyati bilan belgilanadi.
Maqolada O‘zbekiston modernizatsiyasining uchta asosiy ustuni tahlil qilingan bo‘lib, ular Mirzo Ulug‘bek g‘oyalarining raqamli davrdagi ifodasidir. Birinchidan, ilm-fan va maʼrifat uyg‘unligi orqali islom dinining insonparvarlik mohiyati targ‘ib etilib, radikalizmga qarshi maʼrifat bilan kurashilmoqda. Ikkinchidan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi zamonaviy maskanlar barpo etilib, unda qadimiy qo‘lyozmalar sunʼiy intellekt va raqamli arxivlar bilan birlashtirilmoqda. Uchinchidan, mamlakatda oliy taʼlim muassasalari soni uch barobar ko‘paytirilib, yoshlarning dasturlash, muhandislik va biotexnologiya sohalarida jahon miqyosida yetakchi bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Maqola muallifi Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar uchun o‘ziga xos poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etadi. Ikkinchi Renessansdan Uchinchi Renessansga o‘tish asrlar davomidagi geosiyosiy o‘zgarishlardan so‘ng O‘zbekistonning yana jahon ilm-fani va maʼrifat markazlaridan biriga aylanishga bo‘lgan qatʼiy intilishidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi