Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtimizning vataniga qaytishiga ko‘maklashildi

Sentabr 16, 2026. 20:30 • 2 daq

89
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtimizning vataniga qaytishiga ko‘maklashildi

DUBAY, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida BAAda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bosh konsulxona vakillarining maʼlum qilishicha, fuqaro U.R. BAAga ishga joylashish maqsadida kelgan. Biroq u xorijga chiqishdan oldin O‘zbekiston Migratsiya agentligiga murojaat qilmagan va amirlikka kelgach, mustaqil ravishda ish izlay boshlagan.

Munosib bo‘sh ish o‘rnini topa olmagan vatandoshimiz moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan. Natijada u og‘ir ahvolga tushib qolgan, yashash va ovqatlanish uchun mablag‘ hamda O‘zbekistonga qaytish uchun aviachipta sotib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Bosh konsulxona diplomatlari fuqaro bilan suhbatlashib, uning ahvolini batafsil o‘rganishdi. Unga vaqtinchalik turar joy va oziq-ovqat berildi, keyinchalik Dubaydan O‘zbekistonga uchib ketishi uchun zarur yordam ko‘rsatildi.

Shu munosabat bilan xorijda mehnat faoliyatini rejalashtirayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Migratsiya agentligiga oldindan murojaat qilish qatʼiy tavsiya etiladi.

Agentlik orqali xorijda rasmiy va xavfsiz ishga joylashish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ish beruvchilar bilan bog‘lanish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yordam olish mumkin.

O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi amaldagi qonunchilik doirasida xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish