O‘zbekistonda onkologiya xizmati va palliativ yordam tizimi takomillashtiriladi

Iyun 11, 2026. 18:40 • 4 daq

8
O‘zbekistonda onkologiya xizmati va palliativ yordam tizimi takomillashtiriladi

TOSHKЕNT, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun onkologik va gematologik tibbiy yordam va palliativ xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, og‘ir kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, onkologik, gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Taqdimotda saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olishni kamida 60 foizga yetkazish, saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.

Buning uchun 2027-yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan saratonga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Mazkur dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligi oshiriladi. Ular saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlanadi.

Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida klinik qo‘llanmalar qabul qilinadi. Onkologiya yo‘nalishida multidissiplinar jamoaviy yondashuv – bir nechta mutaxassis ishtirokida bemorga tashxis qo‘yish va davolash taktikasi joriy etiladi.

Eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini erta tashxislash dasturlari ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga kiritiladi. Bemorlarni qisqa muddatda tekshiruvdan o‘tkazish va tashxis qo‘yish imkonini beradigan tezkor tashxislash yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, eskirgan kobalt qurilmalari bosqichma-bosqich zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga almashtiriladi, yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlari kengaytiriladi.

Palliativ va xospis yordamini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. 2030-yilga qadar aholiga bunday yordam ko‘rsatish qamrovini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Buning uchun 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikada palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi. Palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, yo‘llash, hisobga olish va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Mobil palliativ brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ta’minlanadi. Statsionar sharoitdagi palliativ yordam davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda xospislar tomonidan ko‘rsatiladi.

Aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, barcha hududlarda xospis muassasalari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Toshkent shahar hududlararo xospisi palliativ va xospis yordamini metodologik boshqarish, hududlarda mazkur xizmatni tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha mas’ul muassasa etib belgilanadi.

Dastlab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida onkologik kasalligi sababli palliativ va xospis yordamiga muhtoj bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi mobil palliativ brigadalar tashkil etiladi. Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis shaklida palliativ yordam ko‘rsatish markazining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Palliativ va xospis yordamiga muhtojligi elektron axborot tizimida qayd etilgan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va ko‘riklarsiz nogironlik belgilanadi. Uy sharoitida parvarishga muhtoj bemorlar funksional krovat va maxsus matraslar bilan vaucher tizimi asosida ta’minlanadi.

Shuningdek, mahalla darajasida palliativ yordam ko‘rsatish, uy sharoitida qarab turish va parvarish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, bemorlarning oila a’zolari uchun “Oilani qo‘llab-quvvatlash” xizmatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish choralari ham muhokama qilindi.

2026-2030-yillarda bunday kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash ulushini amaldagi 30-40 foizdan 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Bemorga tashxis qo‘yilgan vaqtdan transplantatsiya amaliyotigacha bo‘lgan muddatni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish choralari ko‘riladi.

Gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish, hududlarda gemopoetik o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, kamida 15 yillik ish stajiga ega xodimlar farzandlarining respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatida o‘qishi uchun yillik kontrakt to‘lovining bir qismini, shuningdek, shunday ish stajiga ega xodimlar ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishida dastlabki badalning bir qismini qoplab berish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, ko‘rib chiqilgan chora-tadbirlarni sifatli amalga oshirish, hududlarda onkologik va gematologik tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, zamonaviy tashxislash va davolash texnologiyalarini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish