Xitoy janubi-g‘arbidagi ko‘chki oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, o‘nlab insonlar bedarak yo‘qolgan
Iyul 19, 2026. 12:50 • 2 daq
• 180
CHUNSIN, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Xitoyning janubi-g‘arbidagi Chunsin shahrida kuchli yog‘ingarchilik sababli yuz bergan yer ko‘chkisi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 34 kishi bedarak yo‘qolgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligiga tayanib.
Mahalliy hokimiyat organlarining maʼlumotlariga ko‘ra, qutqaruv guruhlari vayronalar ostidan 10 kishini sog‘-salomat olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.
Tabiiy ofat juma kuni ertalab Penshuy-Myao va Tuszya muxtor uyezdida joylashgan Xanszya shaharchasida sodir bo‘lgan. Ko‘chki ostida 10 dan ortiq turar joy binosi qolib ketgan. Baʼzi aholi vakillari vayronalar ostida tiriklayin qolib ketgan, boshqalarining taqdiri esa hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.
Fojiaga javoban Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi geologik ofatlar bo‘yicha II darajali favqulodda chora ko‘rish tizimini ishga tushirdi va jabrlangan hududda qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun maxsus tezkor guruhni safarbar etdi.
Evakuatsiya va qutqaruv ishlariga ko‘maklashish uchun mamlakatning davlat muhandislik-qutqaruv korporatsiyasi hisoblangan “China Anneng Construction Group” jalb qilingan. Ofat hududiga 110 nafar mutaxassis, jumladan, muhandislar va geologlar, shuningdek, 50 ta maxsus qidiruv-qutqaruv texnikasi yuborildi.
Bundan tashqari, Chunsin shahrining sakkizta o‘t o‘chirish va qutqaruv qismlaridan 400 dan ortiq xodim, shuningdek, aloqa hamda tibbiy yordam guruhlari operatsiyada faol ishtirok etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi