Gubernator Eujenio Jani: O‘zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirish alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda
Iyul 19, 2026. 14:20 • 2 daq
• 193
FLORENSIYA, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Italiyaning yetakchi “La Nazione” gazetasida “Jani Sharqqa nazar tashlamoqda. Toskana – O‘zbekiston o‘qi: biznes uchun yangi imkoniyatlar” sarlavhali keng maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Toskana gubernatori Eudjenio Jani O‘zbekistonga uch kunlik rasmiy tashrifini yakunlab, Italiyaga qaytgan. Delegatsiya tarkibidan hududiy hokimiyat organlari vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning Toskanadagi Faxriy konsuli Leonardo Komuchchi joy oldi. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad Toskana va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Biroq, viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tashrifning yakuniy kuni ushbu missiyaga ancha keng siyosiy va strategik maʼno bag‘ishladi.
“Menga xuddi davlat rahbaridek qabul ko‘rsatildi, — deb taʼkidlaydi Eudjenio Jani. — Rasmiy tashrif oddiy tashrifdan ancha yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu O‘zbekistonning Italiya va eng avvalo, madaniyatlarimiz o‘rtasida ko‘prik bo‘la oladigan Toskana bilan mustahkam iqtisodiy va savdo aloqalarini o‘rnatishga bo‘lgan samimiy intilishidan dalolatdir”.
Maqolada ikki tomonlama madaniy muloqot 2024 yilda Uffitsi galereyasida O‘zbekiston avangard sanʼati ko‘rgazmasining tashkil etilishi hamda u O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi vakillarining ishtiroki bilan boshlangani qayd etilgan.
Shuningdek, hozirgi vaqtda asosiy eʼtibor ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan. Eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida Prato sanoat okrugi uchun paxta yetkazib berish va to‘qimachilikni rivojlantirish, Santa-Kroche-sul-Arno ishlab chiqarish klasteri bilan charm sanoatida hamkorlik qilish, marmar qazib olish va qayta ishlash hamda oltin buyumlar ishlab chiqarish loyihalari ko‘rsatilgan.
Eudjenio Janining fikricha, global iqtisodiy kon’yunktura o‘zgarib borayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirish alohida strategik ahamiyat kasb etadi. “Hozirgi xalqaro vaziyatda O‘zbekiston bilan munosabatlar yanada qadrliroq bo‘lib bormoqda, Toskana esa jahon iqtisodiyotida yanada sezilarli rol o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lyapti”, — deya xulosa qilgan viloyat gubernatori.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi