Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Iroq Kurdistoni delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi
Iyul 19, 2026. 14:50 • 2 daq
• 355TOSHKENT, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonga davlat tuzilmalari va biznes olamidan 150 dan ortiq vakillarni o‘z ichiga olgan Iroqning Kurdiston hududi delegatsiyasi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi hamda mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibidan Erbil, Sulaymoniya, Kirkuk, Halabja va Dohuk savdo-sanoat palatalari rahbarlari, Kurdiston mintaqaviy hukumati va ishbilarmon doiralari vakillari joy oldi. Ishtirokchilar orasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish, to‘qimachilik, zargarlik, energetika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari kompaniyalari mavjud.
O‘zbekiston hukumati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida tomonlar savdo, investitsiya va sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Kurdiston tomoni o‘zbekistonlik kompaniyalarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini maʼlum qildi.
Muloqotlarda qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar chorvachilik, parrandachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqdilar.
Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, O‘zbekistonning bir qator yetakchi korxonalari, jumladan, “FONON” zargarlik fabrikasi, “Crafers” qandolat fabrikasi, “TEXNOPARK” ishlab chiqarish majmuasi, “IMZO” kompaniyasi va “UZTEX GROUP” to‘qimachilik korxonasida bo‘ldilar. Ishbilarmonlar ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq Kurdistoni bozoriga yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Iroq Kurdistoni Savdo va sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 400 dan ortiq biznes vakillari ishtirok etdi.
Forum yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Kurdiston Savdo va sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida, shuningdek, ikki tomonning hududiy palatalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini izchil rivojlantirishni davom ettirish, biznes-delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish, ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




