Tailand poytaxtida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati namoyish etildi
Iyul 20, 2026. 09:30 • 2 daq
• 163BANGKOK, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Bangkok shahridagi “International Trade & Exhibition Centre” (BITEC) majmuasida Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik halol mahsulotlar, xizmatlar va innovatsiyalar namoyishiga bag‘ishlangan “Grand Halal Bangkok-2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazmada dunyoning 25 dan ortiq mamlakatidan kelgan oziq-ovqat, kosmetika, farmatsevtika va musulmonlar kiyim-kechaklari ishlab chiqaruvchilari, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, savdo tarmoqlari, investorlar, import qiluvchilar, distribyutorlar, halol logistika hamda halol mahsulotlarni sertifikatlash bilan shug‘ullanuvchi jami 600 ga yaqin kompaniyalar mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi. Rasmiy manbalarning maʼlumotlariga ko‘ra, uch kunlik tadbirga 15 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi xodimlari ham faol ishtirok etib, ko‘rgazma maydonida yurtimiz eksponatlari uchun maxsus pavilyon ajratilishini taʼminladilar. Pavilyonga tashrif buyurgan mehmonlarga respublikamizning turizm va ziyorat salohiyatini keng targ‘ib etuvchi tarqatma materiallar taqdim etildi.
Tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, Surxondaryo viloyatida saqlanib qolgan buddizm yodgorliklari, jumladan, qadimiy Kushon imperiyasi davrida keng rivojlangan buddaviylik ibodatxonalari, rohiblar hujralari va budda haykallarining tarixi hamda hozirgi holatiga doir maʼlumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Pavilyonda ushbu tarixiy obidalar aks etgan maxsus bannerlar namoyish etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘zbek xalqining buyuk siymolari — Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Imom al-Buxoriyning dunyo tarixidagi o‘rni hamda bashariyat sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yorituvchi videoroliklar namoyish etildi. Toshkent shahrida yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi maxsus videolavhalar ham yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Ko‘rgazma davomida xorijlik mehmonlar o‘zbek xalqining boy milliy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan betakror milliy liboslar namunalari bilan ham yaqindan tanishtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


