Parlamentlar ayol a’zolarining global konferensiyasida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi

Iyun 03, 2026. 12:55 • 3 daq

4
Parlamentlar ayol a’zolarining global konferensiyasida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi
Parlamentlar ayol a’zolarining global konferensiyasida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi
Parlamentlar ayol a’zolarining global konferensiyasida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi
Parlamentlar ayol a’zolarining global konferensiyasida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi

BЕLGRAD, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Serbiya Xalq yig‘ilishi taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Belgradda bo‘lib turibdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Parlamentning yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Belgrad shahrida Parlamentlararo ittifoq Parlamentlar ayol a’zolari global konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiya ishida parlament delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, 65 davlatdan 400 dan ortiq delegatlar qatnashdi. 

Global konferensiyani Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson ochib berdi hamda mazkur xalqaro anjumanning ahamiyati, ayollarning huquq va manfaatlari himoyasining qanchalik dolzarb ekaniga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, anjumanning asosiy maqsadi – gender tenglikni ta’minlash, ayollarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish va parlamentda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat.

“Tenglikni targ‘ib qilish: gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy normalarni yengib o‘tish” mavzusida tashkil etilgan sessiyada Senat raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ma’ruza qildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan bo‘lib, so‘nggi yillarda bu sohada keng qamrovli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, teng huquq va imkoniyatlarni mustahkamlashga qaratilgan mexanizmlar bosqichma-bosqich takomillashib bormoqda.

Shu bilan birga, ayollarni ta’lim, zamonaviy kasb-hunarlar va yuqori texnologiyalar sohalariga keng jalb etish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning siyosiy yetakchilik salohiyatini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi, shuningdek, siyosiy partiyalar faoliyatida ularning ishtirokini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani, rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan kadrlar zaxirasi va maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy qarashlarga barham berish maqsadida mamlakat miqyosida keng ko‘lamli axborot-targ‘ibot ishlari olib borilayotgani, ushbu yo‘nalishdagi dasturlar Gender tenglik bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muntazam monitoring qilib borilayotgani namunaviy tajriba sifatida e’tirof etildi.

Anjuman davomida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va ayollarning davlat hamda jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani qayd etildi. Jumladan, parlamentda ayollar ulushi 38 foizga yetgani, shuningdek, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoq reytinglarida 92 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 36-o‘rinni egallagani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini namoyon etmoqda.

O‘zbekiston tajribasi gender stereotiplarni yengib o‘tish davlat boshqaruvi sifati va barqaror rivojlanish masalasi ekanini ko‘rsatayotgani qayd etildi hamda global miqyosda parlamentlar bir-birlari bilan qonunchilik faoliyati tajribasi va gender stereotiplarga barham berishga qaratilgan samarali qonunchilikni joriy etish mexanizmlari yuzasidan almashishi bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Ishtirokchilarga 2026-yil 4–6-sentyabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining global konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida ham ma’lum qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish