O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oktabr 27, 2026. 12:30 • 2 daq

• 296
O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

OSTONA, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Infozakon” nashrida O‘zbekistonning turkiy davlatlar ta’lim hamkorligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar har bir davlatning raqobatbardoshligi hamda barqaror taraqqiyotini ta’minlovchi muhim omilga aylanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, turkiy davlatlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud intellektual salohiyatni birlashtirish va yoshlar uchun xalqaro akademik imkoniyatlarni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 29–30-oktabr kunlari Anqara shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotining XIII sammiti arafasida mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollarini tahlil qilish muhimdir. Zero, umumiy tarix, yaqin madaniyat va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan mamlakatlar o‘rtasidagi ta’lim integratsiyasi mintaqaning ilmiy va iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonda ushbu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti turkiy mamlakatlar o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biridir.

Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishi xalqaro ta’lim standartlariga mos, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishdan iborat.

2025/2026-o‘quv yilida Turkiyaning Hajettepe, Yaqin Sharq texnika universiteti, Istanbul texnika universiteti va Egey universiteti bilan hamkorlikda tibbiyot, kompyuter muhandisligi, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va oziq-ovqat texnologiyalari bo‘yicha beshta yo‘nalishda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

2026/2027-o‘quv yilida Ozarbayjon va Qozog‘istonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda neft-gaz ishi, kimyoviy muhandislik, geologiya-qidiruv ishlari texnikasi va texnologiyasi, telekommunikatsiya texnologiyalari hamda xalqaro va qiyosiy huquqshunoslik bo‘yicha yana beshta ta’lim dasturini joriy etish rejalashtirilgan.

Ta’lim sifatini oshirishda zamonaviy infratuzilma ham muhim o‘rin tutadi. 2026-yil mart oyida universitetda tibbiyot yo‘nalishi talabalari uchun klinik simulyatsiya va amaliy ko‘nikmalar markazining ishga tushirilishi bo‘lajak shifokorlarga zamonaviy trenajyorlar va robotlashtirilgan qurilmalar yordamida amaliy tajriba orttirish imkonini bermoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish