2027-yil mart oyida Rossiya–O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkaziladi

Oktabr 26, 2026. 21:30 • 2 daq

• 160
2027-yil mart oyida Rossiya–O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkaziladi
2027-yil mart oyida Rossiya–O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkaziladi
2027-yil mart oyida Rossiya–O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkaziladi
2027-yil mart oyida Rossiya–O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkaziladi

MOSKVA, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rus matbuotida 2027-yilda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘tkaziladigan madaniyat kunlariga bag‘ishlangan turkum materiallar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, bu haqda “Российская газета”, “Комсомольская правда”, “НТВ”, “Первый канал”, “ТАСС”, “Ведомости”, “Дзен”, “Вести Кавказа” kabi ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilindi.

Materiallarda ta’kidlanishicha, tadbirlar 2027-yilning mart oyida bo‘lib o‘tadi va mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga bag‘ishlanadi.

Mazkur kelishuvga 2026-yil 17-oktabr kuni Toshkentda “Rossiya” milliy markazi bosh direktori Natalya Virtuozova hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida erishilgan.

Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga imzolangan qo‘shimcha bitim doirasida tomonlar O‘zbekiston kunlari Moskvadagi “Rossiya” milliy markazida o‘tkazilishi, o‘z navbatida, Rossiya kunlariga Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi mezbonlik qilishi qayd etilgan. Ushbu hujjat 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan gumanitar, madaniy va ma’rifiy loyihalarning qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish uchun asos yaratdi.

Xabar qilinishicha, “Rossiya” milliy markazi bosh direktori Natalya Virtuozova Rossiya va O‘zbekiston do‘stligi ko‘p asrlik mushtarak tarix, madaniyat va yutuqlarga ega ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, madaniyat kunlari doirasida tarixni yodga olish, uni asrab-avaylash, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari hamda qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Materiallarda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning ham fikrlari keltirilgan. Jumladan, u Rossiyadagi O‘zbekiston kunlari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida katta qadam bo‘lishini qayd etgan.

“Biz O‘zbekistonda Rossiya kunlarini o‘tkazishni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz. Vazifamiz – ushbu hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitishdir. Zero, ikki mamlakat xalqlari bir-birining madaniyatini yanada chuqurroq o‘rganishi va uni kelajak avlodlarga yetkazishi muhim ahamiyatga egadir”, – dedi Firdavs Abduxoliqov.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish