Logo

Qozoq OAV: 2025 yilda O‘zbekiston mahsulotlari 75 ta davlatga eksport qilingan

Yanvar 22, 2026. 18:39 • 2 daq

35
Qozoq OAV: 2025 yilda O‘zbekiston mahsulotlari 75 ta davlatga eksport qilingan

TOSHKENT, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Tribune” nashrida O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish haqida maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda yozilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ilk bor 80 milliard dollardan oshgan. Yil yakunlariga ko‘ra, eksport hajmi 33,5 milliard dollarga yetib, xorijiy investitsiyalar oqimi 43 milliard dollardan ortgan.

O‘tgan yilgi xalqaro tashriflar, muzokaralar va iqtisodiy forumlar davomida umumiy qiymati 160 milliard dollarlik kelishuvlar imzolangan. Eksport geografiyasi ham ancha kengaygan. O‘zbekiston mahsulotlarini 75 ta davlatga yetkazib berish qariyb 4,5 milliard dollarga oshgan.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy diplomatiyaning yana-da amaliy modeliga o‘tilishini maʼlum qildi. O‘zbekistonning chet eldagi elchilari uchun asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari, jumladan, ular bo‘lib turgan mamlakatlardan eksportni oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va fuqarolarni chet elda qonuniy ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashish joriy etilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, yig‘ilishda yengil sanoatni rivojlantirish, to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining AQSh, Turkiya, BAA, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgan. Ushbu mamlakatlarda to‘qimachilik mahsulotlari importining umumiy hajmi 90 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, kamida 15 ta xorijiy kompaniya va xalqaro brendlarni O‘zbekistonga jalb qilish, sohadagi 100 ta korxonada “Better Work”, “BCI” va “Organic” standartlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Viloyat hokimlariga elchixonalar bilan birga 500 ta yirik to‘qimachilik eksportyorlari mahsulotlari namunalarini xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

2026 yilda eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish va 50 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Elchilarga hududlarning raqobat ustunliklarini tahlil qilib, asosiy eʼtiborni investorlar, texnologiyalar va yangi bozorlarni jalb qilishga qaratish topshirildi.

“O‘zbekistonning AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchixonalariga O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun dunyoning eng yaxshi 100 talik reytingidagi universitetlarni jalb qilish choralarini ko‘rish topshirildi”, deya yozadi “Tribune”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish