Logo

“The World News”: 2025-yilda O‘zbekiston bank sektoridagi yetakchi banklar o‘z barqarorligini saqlab qoldi

Yanvar 22, 2026. 18:47 • 2 daq

32
“The World News”: 2025-yilda O‘zbekiston bank sektoridagi yetakchi banklar o‘z barqarorligini saqlab qoldi

ISLOMOBOD, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida 2025-yilda O‘zbekiston bank sektorida amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi.

Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yil IV choragi yakunlari bo‘yicha “Banklar faollik indeksi” natijalariga asoslangan yangilangan Banklar reytingi taqdim etilgan.

“Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2025-yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan banklar reytingi natijalariga ko‘ra, moliya institutlarining aksariyatida barqaror pozitsiyalarning saqlanib qolinishi ularning raqobatbardoshlik darajasi oshganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, o‘rta segmentda ayrim banklar o‘rtasida qayta guruhlanish jarayonlari kuzatilmoqda”, – deyilgan manbada.

Maʼlum qilinishicha, tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat banklarini qamrab olgan bo‘lib, ularning 20 tasi filiallar soni va faoliyat ko‘lamiga ko‘ra yirik moliya institutlari toifasiga, qolgan 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan.

Nashrda qayd etilishicha, hisobot davrida bank tizimining jami aktivlari 892,9 trln so‘mni (74,2 mlrd dollar), majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni (63,1 mlrd dollar) tashkil etdi. Kredit qo‘yilmalari 13%ga oshgan bo‘lsa, jalb qilingan depozitlar 31 foizni tashkil etdi. Valyuta operatsiyalari ulushining pasayishi milliy valyutaning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Sof foyda 13,5 trln so‘mga (1,1 mlrd dollar) yetdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57,1%ga ko‘p.

Materialda 2025-yil IV choragi yakunlari bank sektoridagi yetakchi banklar o‘z barqaror pozitsiyalarini saqlab qolganini, reytingdagi qayta joylashuv esa cheklangan darajada qolganini ko‘rsatdi. Eng sezilarli o‘sishni O‘zsanoatqurilishbank ko‘rsatib, umumiy reytingda 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Shuningdek, Davr bank, Oriyent finans bank, Xalq banki hamda Ipoteka bank o‘z pozitsiyalarini yaxshilab, ijobiy dinamika namoyon etdi.

“Umuman olganda, 13 ta bank umumiy faollik reytingida o‘z pozitsiyalarini saqlab qolgan bo‘lib, raqobat kuchayib borayotgan sharoitda mazkur holat banklarning operatsion samaradorlikni, likvidlikning yetarli darajasini, aktivlar sifatini va barqarorlikni taʼminlash salohiyatini aks ettiradi”, – deb yozilgan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish