Pokiston "Karachi Industrial Park"da O‘zbekiston korxonalari uchun alohida sanoat-logistika blokini tashkil etishni taklif qilmoqda
Sentabr 08, 2026. 19:10 • 3 daq
• 54
KARACHI, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Karachi shahrida Pokiston Sanoatni rivojlantirish korporatsiyasi mutasaddilari va “Bin Qasim Industrial Park” direktori Javed Axmed bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston korxonalarining Pokistondagi maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishi, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Karachi dengiz portlarining logistika salohiyatidan foydalangan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Pokiston orqali uchinchi davlatlarga, xususan, Afrika mamlakatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Pokiston tomoni O‘zbekistonning iqtisodiy zonalarni tashkil etish bo‘yicha tajribasi va bunday hududlarda xorijiy investorlarni jalb qilish hamda ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini o‘rganishga katta qiziqish bildirdi.
Shundan so‘ng, Pokiston Sanoatni rivojlantirish korporatsiyasi vakillari “Bin Qasim Industrial Park”ning infratuzilmasi, investitsiyaviy imkoniyatlari va mavjud ishlab chiqarish quvvatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur sanoat parki 400 gektardan ziyod maydonni qamrab oladi va “Port Qasim” dengiz portidan atigi 6 kilometr masofada joylashgan. Park milliy avtomobil va temir yo‘l tarmoqlariga yaqinligi, shuningdek, Karachi xalqaro aeroporti hamda Pokistonning asosiy transport-logistika yo‘laklariga qulay chiqish imkoniyati bilan ajralib turadi. Ayni paytda park hududida avtomobilsozlik, elektronika, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlariga ixtisoslashgan qator yirik korxonalar faoliyat yuritmoqda. Mazkur omillar sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, uchrashuvda Pokiston Sanoatni rivojlantirish korporatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yangi “Karachi Industrial Park” loyihasi haqida ham maʼlumot berildi.
Pokiston tomoni “Karachi Industrial Park” hududida o‘zbek korxonalari uchun alohida sanoat-logistika blokini tashkil etish imkoniyati mavjudligini bildirdi. Bunday yondashuv O‘zbekiston kompaniyalarining Pokiston bozoriga kirib borishi, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi hamda mintaqaviy eksport zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning iqtisodiy zonalarni tashkil etish bo‘yicha tajribasini o‘rganish, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalarni jalb etish, logistika va eksport yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surishga qaratilgan muloqotlarni davom ettirish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi